Islom Karimov xotirasi yod etildi
Samarqand shahrida 30 yanvar - O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavallud topgan kun munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
"Islom Karimov fondi" tashabbusi bilan tashkil etilgan marosimda viloyat va Samarqand shahar hokimligi vakillari, nuroniylar, faollar ishtirok etdi. Tadbir avvalida ishtirokchilar I.Karimov tug‘ilib, o‘sgan xonadonda bo‘lib, ulug‘ inson xotirasini yod etdi, Qur’on tilovat qilindi.
Shundan so‘ng mustaqilligimiz asoschisi xotirasiga bag‘ishlab ehson dasturxoni yozildi. Tadbirda Islom Karimovning hayoti, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyatni rivojlantirish borasidagi ishlari eslandi.
- Mehnat faoliyatim davomida Islom Abdug‘aniyevich bilan bir necha bor uchrashishga muyassar bo‘lganman, - deydi mehnat faxriysi Salohiddin Bobomurodov. – 2015 yilda Samarqandga tashrifi chog‘ida biz, faxriylar bilan birma-bir ko‘rishib, mening qo‘limni siqarkan «Sizni esladim, pillachilikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilishimiz kerak», degandi. Islom Karimov har bir sohani chuqur biladigan, yuksak tafakkurli va salohiyatli inson edi.