Registon yig‘lagan kun

O‘shanda Samarqandga odam oqib keldi. Shaharning har tomonidan odamlar kirib keldi, hamma yurt otasini so‘nggi yo‘lga kuzatishga chiqqandi. Jarayon Samarqandda bo‘lgani uchun barchasiga guvoh bo‘ldik.

Registon bunyod bo‘lgandan beri qanchadan-qancha marosimlarga guvoh bo‘lgan. Ammo butun mamlakat va xorijdan yig‘ilganlar uchun bu marosim qayg‘uli edi. Shuncha odamni bag‘riga singdirgan Registonda bu darajadagi sukunatdan lol qolmay ilojingiz yo‘q. Uzoqdan qaraganda Registon g‘am, mung bilan yig‘layotganday taassurot qoldirardi. Odamlarning davlat rahbariga mehri nechog‘lik bo‘lishi mumkinligini o‘shanda ko‘rganman ilk bor.

Ha, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovni so‘nggi yo‘lga kuzatish marosimi butun xalqning musibatiga aylanganiga guvoh bo‘lgandik, o‘shanda. Oradan shuncha yil o‘tibdiki, hamon odamlar u kishining xoki qo‘yilgan Hazrati Hizr majmuasiga ziyoratga kelishadi, hamon bu qadamlar uzilgani yo‘q.

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, barcha davlat rahbarlariga ham odamlarning mehri bilan so‘nggi manzilga kuzatuv nasib qilmaganligiga guvoh bo‘lamiz. Garchi ular hayotlik chog‘ida maqtovda umr kechirgan bo‘lsa-da vafotidan so‘ng xotirasi qadr topmagan.

Aslida juda katta siyosatshunoslar Islom Karimov hayotligidayoq uning shaxsiga nisbatan aniq va tiniq bahoni berib bo‘lishgan. Chetda mamlakat haqida ijobiy fikrlar kam uchragan bo‘lsa-da, yirik davlatlar rahbarlarining I.Karimov bilan hisoblashgani hech kimga sir emas. Bu esa O‘zbekiston bilan hisoblashish, mamlakatning tashqi siyosatdagi o‘rni o‘ziga xos bo‘lganini anglatadi.

Birinchi prezidentimizning yaxtalaru, villalari bo‘lmagan. Bir umr kamtarona turmush kechirgani haqida u kishining atrofidagilar hanuz boshqacha mehr bilan gapirishadi. Hatto bu masalada o‘z farzandiga ham murosasiz munosabatda bo‘lganini ko‘rdik.

Muvaffaqiyatlar va yutqaziqlar doim yonma-yon yurgan. Bu davrda qaysi biri tosh bosgani haqida siyosatchilar gapirgani yaxshiroq, ammo yillar zalvori bilan o‘lchaydigan bo‘lsak, iqtisodiy, siyosiy manfaatlari birlashib ketgan davlatlar ichra alohida qolgach, o‘z aravasini tortish, aholi qornini to‘ydirish barobarida milliy manfaatlarimizni himoya qilish va uni odamlar ongiga singdirish kabi muhim vazifalar Islom Karimov davrining asosiy jihatlari bo‘lib qoldi. Ishoning, barcha yuqori darajadagi amaldorlar qariyb boshqa tilda fikrlaydigan, o‘sha tilda o‘ylaydigan bir paytda bu masalalarni himoya qilib chiqish oson bo‘lmagan, albatta. Ilk bor  mamlakatimiz mustaqilligi e’lon qilinganda zaldagilarning hatto qarsak chalmagani ham ko‘p narsani anglatadi.  

Vodiyda terrorchilar bosh bo‘lib yig‘ilgan olomon orasiga kirib borish, chegaralardagi notinch vaziyatlarda ham poytaxtda o‘tirib emas, o‘sha yerning o‘zida hozir bo‘lish, favqulodda fojiali holatlarda, avvalo, aholini o‘ylab ish tutish uchun davlat rahbarida nafaqat xalq oldidagi majburiyat, burch ustuvor bo‘lishi kerak, balki yurtga mehr-muhabbat, jasorat va qat’iyat ham mujassam bo‘lmog‘i zarur. Bu ham Islom Karimovning ulug‘vorligidan darakdir. Bugun Hazrati Hizr majmuasiga mamlakatimiz birinchi prezidentini xotirlash uchun keluvchilarning qadami uzilmasligining sababi ham shunda.

Gulruh MO‘MINOVA.