Islom taraqqiyot banki prezidenti Samarqandga keldi

Bugun Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishi doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Sulaymon al-Jassir boshchiligidagi delegatsiya Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.

Yuqori martabali mehmonlar markaz faoliyati va vazifalari, yaratilgan sharoitlar, kutubxona fondi va muzey faoliyati bilan tanishtirildi. Islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Movarounnahr allomalari ilmiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish borasidagi hamkorlik aloqalarini kuchaytirish istiqbollari to‘g‘risida o‘zaro fikr almashildi.

– Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasining ilm yo‘lida erishayotgan muvaffaqiyatlarini O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning yaqqol samarasi sifatida baholayman va Markazning islom dini rivoji yo‘lida amalga oshirayotgan xizmatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayman, – deb ta’kidladi Muhammad al-Jassir janoblari.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi axborot xizmati.