Issiq havoda ayrim avtomobil faralarini yoqib yurish xavfli
Keyingi paytlarda avtomobillarning issiq havoda faralarini yoqib yurishi natijasida ularning yonib ketayotgani haqidagi xabarlarni ko‘ryapmiz, eshityapmiz. Xo‘sh, bu qanchalik to‘g‘ri? Bunday avtomobil yong‘inlari haqiqatan ham faralarni yoqib yurish oqibatida kelib chiqyaptimi? Bu haqda “Avto binokor servis” MChJning avtomobillarga elektr xizmat ko‘rsatish ustasi Ulug‘bek Erdanovning fikrlarini eshitdik:
– “Chevrolet Cobalt”, “Chevrolet Lacetti Gentra” va keyingi paytlarda respublikamizda chiqayotgan qimmat narxdagi avtomobillarning faralaridagi himoya vositalari kuchli bo‘lgani sababli issiq havoda ham ularning chiroqlarini yoqib yurish zararsiz. Ammo “Lacetti”, “Nexia” va undan arzon turdagi mashinalar bunga moslashmagan. Ularning chiroqlarini issiq havoda uzoq vaqt yoqib yurish himoya oynalarini eritib yuboradi. Qolaversa, bu narsa mashina akkumulyatori va elektr simlarini ham tez muddatda ishdan chiqaradi. Shuning uchun bu turdagi avtomobillarga xavfsiz qo‘shimcha chiroq o‘rnatish kerak. Aks holda, avtomobillarda bunday yong‘inlar tez-tez kuzatilishi mumkin.