Issiq kunlarda qanday taomlangan ma’qul?
Kunlar tobora isib bormoqda. Jaziramada insonning ishtahasi pasayib, lohas bo‘lib borishi tabiiy hol. Ammo kuni bilan sarf qilingan energiyaning o‘rnini oziq-ovqat bilan to‘ldirib turilmasa, mehnat faoliyati sustlashib borishi mumkin. O‘z o‘rnida salomatlikni asrash uchun to‘g‘ri ovqatlanish tartibi haqida ham unutmaslik kerak. Xo‘sh, bugungi issiq kunlarda qanday taomlangan ma’qul?
Bu mavzuga oydinlik kiritish maqsadida SSV Matbuot xizmati Toshkent tibbiyot akademiyasi Ovqatlanish gigiyenasi va bolalar, o‘smirlar gigiyenasi kafedra professori Guli Shayxovaga murojaat qildi.
— Albatta yoz kunlari ishtaha pasayishi sababli ko‘proq ho‘l mevalar va xom holatdagi sabzavot hamda ulardan tayyorlangan salatlarni xush ko‘rib iste’mol qilamiz, — deydi G.Shayxova. — Chunki bu mahsulotlarning ko‘pchiligi chanqoqni qondiradi hamda organizmni kerakli mineral moddalar va vitaminlar bilan to‘yintirib boradi. Lekin ularning kaloriyasi kam va kuni bilan sarf qilingan quvvatning o‘rnini bosa olmaydi. Organizmga esa doim oqsil moddalari zarur.
Buning uchun go‘sht va uning o‘rnini bosuvchi ba’zi (dukkakli) mahsulotlar kunlik taomnomaga kiritilishi kerak. Ammo, unutmaslik kerakki, qovurilgan, yog‘li mahsulotlarning hazm bo‘lishi ancha qiyin. Shuning uchun go‘sht mahsulotlari qaynatilgan holatda bo‘lishi va umuman yengil hazm bo‘ladigan go‘shtli ovqatlarni iste’mol qilishni tavsiya qilamiz. Moshxo‘rda, mastava, qaynatma sho‘rva (yog‘siz), manpar va shunga o‘xshash yengil hazm bo‘ladigan taomlarni yeyish kerak.
Albatta, kabob (shashlik)dan hech kim voz kechmasa kerak, ammo bu taomni sabzavotdan qilingan salatlar bilan iste’mol qilish va uksus moddasini kamroq ishlatish lozim.
— Bu mavsumda ovqatlanish tartibi qanday bo‘lishi kerak?
— Yoz faslida ovqatlanish tartibini biroz o‘zgartirish lozim. Nonushta soat 7:00 da qilinish, unda oqsil, yog‘ va uglevodlar oddiy kunlardagidan nisbatan ko‘paytirilishi lozim Masalan: sut mahsulotlari (tvorog, qaymoq, sutli choy), meva, sabzavot, suvda pishirilgan go‘sht va shunga o‘xshash mahsulotlar iste’mol qilinishi kerak.
Tushlikda yengil hazm bo‘ladigan birinchi taom, ya’ni moshxo‘rda, mastava, manpar, suvda yoki bug‘da tayyorlangan kotletlardan iborat bo‘lsa yaxshi bo‘lardi.
Dasturxonimizda albatta sabzavot va mevalar, ulardan tayyorlangan salatlar, bodring, pomidor, piyoz, ko‘k piyoz, ko‘katlar bo‘lishi kerak. Ho‘l mevalardan tayyorlangan sharbatlar tarkibida esa shakar imkon qadar umuman bo‘lmasligi lozim. Yozning issiq kunlarida sho‘r baliq, dudlangan go‘sht, konserva, tuzli mahsulotlarni iste’mol qilish umuman tavsiya etilmaydi, chunki ular chanqash holatini yanada kuchaytiradi.
Kechki ovqatdagi taomlar ham juda yengil hazm bo‘ladigan suyuq ovqatlardan iborat bo‘lishi kerak. Buning uchun qatiq, kefir, olma, turli sabzavotlar va shunga o‘xshash uglevodlarga boy bo‘lmagan mahsulotlarni iste’mol qilish kerak. Sevimli mahsulotlarimiz bo‘lmish qovun va tarvuzni esa tushlik vaqtida iste’mol qilinsa yaxshi bo‘ladi, ular uglevodlarga boy, quvvat beradi va, ayniqsa, tarvuz chanqoqni bosadi.
— Yozda asosan chanqoq qiynaydi, uni qondirish uchun qanday tavsiyalar berasiz?
— Jaziramada albatta chanqoqni bosish uchun suv ichish zarur. Uni har soatda 200 mldan ichish tavsiya etiladi. Shuningdek, qora va ko‘k choy hamda o‘tli damlamalar ham juda foydali, ular orqali organizmga mineral moddalar va vitaminlar kirib boradi. Sog‘lom insonlar uchun kunlik iste’mol qilinadigan suvning me’yori 3 litrgacha. Yurak qon-tomir, buyrak xastaligi bor insonlarga esa ko‘p suv ichish tavsiya etilmaydi, bunday bemorlar shifokor nazorati ostida suyuq moddalarni ichishlari lozim.
Yana shunday mahsulotlar borki, ular ham chanqoqni yaxshi bosadi. Bularga bodring, selderey, qovun, tarvuz, qulupnay, apelsin kiradi. Ayniqsa, yozgi taom bo‘lmish okroshka ham chanqoqni bosadi hamda kerakli mikroelement va vitaminlar bilan boydir.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.