Issiqlik tizimi:  Sheriklik o‘zini oqlayaptimi?

Ikki yildan buyon kuz-qish mavsumida ijtimoiy soha ob’yektlari davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan isitilmoqda.

Bugungi kunda Ishtixon tumanidagi tibbiyot muassasalari ham tabiiy gaz tarmoqlaridan uzilib davlat-xususiy sheriklik asosida, muqobil isitish manbalari orqali isitish tizimiga o‘tgan.

- Binolarimizni isitish bo‘yicha “Ishtixon bunyodkori” MChJ bilan shartnoma tuzganmiz, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Aziz Xudoyberdiyev. – Hozirda markaziy, Mitan shaharcha shifoxonasi va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikadan boshqa barcha muassasalarimizda ko‘mirxonalar qurilib, 270 tonna ko‘mir va o‘tin zaxirasi yaratilgan. Biroq isitish tarmoqlarini sinovdan o‘tkazishda ancha qiyinchiliklarga duch keldik. 30 ga yaqin davolash-profilaktika muassasamizdagi talabga javob bermaydigan eski isitish batareyasi va pechlar o‘rnida zamonaviy isitish tizimlari o‘rnatildi.

O‘tgan yili "Qo‘ng‘irot" shifokorlik xizmati uyi oilaviy shifokorlik poliklinikasiga aylantirilgan edi. Eski bino buzilib, o‘rnida 8 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy poliklinika qurilgan bo‘lsa-da, hanuzgacha poliklinika maqomi berilmagan. Hududdagi 10 ta qishloq aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tez yordam shoxobchasi yo‘q.

Muassasa xonalari sovuq, ko‘mir bilan yoqiladigan pechlar issig‘i me’yordan ancha past. Shifokor va hamshiralar qalin kiyinib olgan. Suvni isitib beruvchi uskunalar ham ishlamaydi. Tadbirkor ko‘mirxona qurib bermaganligi sababli olib kelingan ko‘mir qoplarda hovlida ochiq holda saqlanmoqda.

- Hozirgacha tadbirkor tomonidan 5 tonna ko‘mir yetkazib berildi, - deydi muassasa o‘t yoquvchisi Shirin Esonov. – Ammo pechlar yaxshi o‘rnatmaganligi uchun xonalarni isitish muammo bo‘lyapti. Ko‘mirxonamiz yo‘qligi tufayli keltirilgan ko‘mirni hovlida saqlashga majburmiz.

Muassasa tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasining filiali deb atalsa-da, aslida rasmiy hujjatlarda ko‘rsatilmagan. Tepasidan internet tarmog‘i o‘tgan bo‘lsa ham binoga tarmoq tortilmagan. Bino tomida 3,5 kVtli quyosh batareyasi o‘rnatilgan, lekin ishlamaydi. Shifokorlik punkti atrofi devor bilan o‘ralmagan.

"Azamat" oilaviy shifokorlik punktining 3 nafar vrach va 37 nafar kichik tibbiy xodimi hududdagi Boylata, Oqtepa, Nurobod, Dehqonobod, Kaloxosa qishloqlarining 12 mingdan ziyod aholisiga xizmat qiladi. Oilaviy shifokorlik punkti ko‘mir va o‘tin bilan isitishga mo‘ljallangan. Lekin xonalar yetarli darajada isitilmagan.

- 2024 yilda punktimizning isitish tizimi yangilanib, ko‘mir va o‘tin yoqishga mo‘ljallangan pech o‘rnatilgan edi,- deydi muassasa xodimi Gulnoza Shovqiyeva. – Lekin yaxshi ishlamagani uchun sovuq kunlarda xonalarda o‘tirib ishlab bo‘lmay qoladi. Majburlikdan elektr pech olib kelib ishlatamiz.

Tadbirkor tomonidan yoqish uchun 3 tonna ko‘mir yetkazib berilgan. Biroq ayni vaqtda ko‘mirxonada ozgina o‘tin va 13 qop ko‘mir qolgan, xolos.

- Kuniga 120-140 kilogramgacha ko‘mir yoqamiz, - deydi oilaviy shifokorlik punkti o‘t yoquvchisi Husan Erdonov. – Ammo ko‘mir sifatsiz. Tuproqdek bo‘lib, pechda umuman yonmaydi. Natijada pechning issiqligi 50-60 darajadan oshmayapti, bu esa xonalarni isitmaydi. Isitish tizimi nosoz, issiq suvni haydovchi nasos o‘rnatilmaganligi sababli 16 ta xonaning 2-3 tasigina isiydi.

Tibbiyot muassasasida markazlashgan toza ichimlik suvi yo‘q, suv nasosi ishlamaydi. Suv isituvchi uskunalar o‘rnatilmagan.

- Ikki yildan buyon tumandagi barcha tibbiyot muassasalarining isitish tizimlari bilan ta’minlash vazifasini o‘z zimmamizga olganmiz, - deydi “Ishtixon bunyodkori” MChJ ish boshqaruvchisi Zarif Umirov. – Mavsum avvalida “Ko‘mir ta’minot” MChJ Kattaqo‘rg‘on filialidan olib kelingan 270 tonna ko‘mirning 120 tonnasini barcha muassasalarga tarqatib chiqdik. Qolgani omborxonalarda saqlanmoqda. Qaysi muassasada ko‘mir tugagan bo‘lsa, zudlik bilan yetkazib beramiz.

Tadbirkor ko‘mir yetmay qolsa, yetkazib berishni o‘z zimmasiga olgan. Biroq ko‘mir yetkazib berilgani bilan pechlar nosoz bo‘lsa, xonalar isitilmasa, bunday sheriklikdan aholiga nima naf?

Dilmurod TO‘XTAYeV.