Issiqxona tashkil qilgan tadbirkorlarni nima qiynayapti?
![](https://static.zarnews.uz/crop/b/d/720__80_bd8d17b614d9c6591ceecb777a971fd9.jpeg?img=self&v=1739012176)
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan issiqxona xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan sabzavot mahsulotlariga zarar yetkazadigan hasharotlarni aniqlash, unga qarshi kurash choralarini tashkil etish maqsadida 20 yanvaridan 20 fevraliga qadar “Dolzarb 30 kunlik”tadbirini belgiladi.
Viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi va uning tumanlardagi bo‘limlarixodimlari ushbu tadbirni sifatli o‘tkazish maqsadida issiqxona xo‘jaliklarida ko‘rgazmali seminarlar, targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirmoqda.
Xususan, Urgut tumanidagi 32 ta yirik hamda 362 ta katta-kichik hajmdagi issiqxonalarda “Dolzarb 30 kunlik” tadbirlari belgilangan talablar asosida olib borilmoqda. Chunonchi, viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi va uning tuman bo‘limi rahbarlari va mutaxassislari tomonidan tumandagi “Fazliddin bashorat” MChJga qarashli issiqxonada sabzavot ekinlarining rivoji hamda pomidorni “Pomidor kuyasi”, “Jigarrang bujmayish virusi”, “Sitrus oqqanoti” kabi zararkunandalardan saqlash, uning profilaktikasi bo‘yicha nazorat tartibida o‘rganishlar va targ‘ibot ishlarini amalga oshirdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, ushbu issiqxona kichkina emas - 2,5 gektardan iborat. Uning 1 gektarida bodring, 1,5 gektarida pomidor, 15 sotixida bulg‘or qalampiri yetishtirilmoqda. Tadbirkorlar tomonidan birinchi hosil sifatida bodringdan 65 tonna hosil olinib, ichki iste’mol bozoriga yetkazib berilgan. Ayni paytda bu yerda takroriy ravishda bodring ekishga hozirlik ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, pomidor uchun mo‘ljallangan plyonka ostidagi daladan 150 tonna mahsulot tayyorlandi. “Azra” navi serhosil, kasalliklarga chidamli bozorgir bo‘lib eksportbop hisoblanadi. Pomidordan bo‘shagan maydonlarga 30 ming tup bodring ko‘chati yetishtirilmoqda. Undan 100 tonnagacha bodring tayyorlash imkoniyati bor. O‘simliklar karantini xizmati xodimlari, fitosanitar davlat inspektorlari issiqxona mahsulotlarini ekologik toza, organik holda tayyorlash bo‘yicha dehqonlarga tegishli tavsiya va maslahatlarini berdi.
Mazkur issiqxona xo‘jaligi xodimlari plyonka ostidagi dalada zararli hasharotlarga qarshi kurashda biologik usuldan samarali foydalanmoqda. Chunonchi, issiqxonaning tegishli nuqtalarida feromon tutqichlar o‘rnatilgan. Bu tadbir yaxshi samara bermoqda. Ayniqsa, bulg‘or qalampiri o‘stirilayotgan yerdagi hosil rivoji avj. Undan ham 8-10 tonna hosil olish ko‘zda tutilmoqda.
“Dolzarb 30 kunlik”ni tashkil etish bo‘yicha targ‘ibot a’zolarining keyingi manzili Samarqand tumani bo‘ldi. Bugungi kunda hududda 81 ta termostat va gidroponika usulida ishlaydigan yirik hamda 301 ta katta-kichik hajmdagi issiqxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Guliston agrofirmasiga qarashli “Nurshod agro” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi tasarrufi ostidagi plyonka ostidagi dala ham yirik iqtisodiyot bo‘g‘inidir. Dehqonlar bugungi kunda 1 gektar dalada asosan limon yetishtirmoqda. Issiqxonalarning imkoniyati cheksiz, pirovardida, tadbirkorlar tomonidan yopiq daladan 40 tonna mahsulot tayyorlanib, uning asosiy qismi xorijga eksport qilingan. Tadbir doirasida issiqxona xo‘jaliklarida uchraydigan zararkunanda hasharotlarni aniqlash, unga qarshi olib boriladigan profilaktik ishlar, bu sohadagi ilg‘or tajribalar haqida tavsiyalar bildirildi.
Ko‘rgazmali seminar ishtirokchilari tumandagi “Jalolov Jonibek” fermer xo‘jaligining 30 sotixli issiqxonasida bo‘lib, rediska yetishtirish agrotexnikasi bilan yaqindan tanishdi, mahsulotning sifati fitosanitar holatini ko‘zdan kechirdi. Qishloq mulkdoriga zararkunanda hasharotga qarshi kurashishda ko‘proq samara beradigan biologik usulni qo‘llash zarurati haqida tavsiyalar berildi.
Baxtigul G‘aniyeva.