Iste’molchilarga suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib berishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan  “Qo‘shrabot tumangaz” filiali boshlig‘iga hayfsan berildi

Joriy yilning 11 iyun kuni Zarnews.uz telegram kanalida Qo‘shrabot tumanidagi Qoratosh mahallasi, Sho‘rcha qishlog‘i aholisi nomidan Ne’matilla Matayevning suyultirilgan gaz muammosi bo‘yicha murojaati e’lon qilindi. Unda murojaatchi 55 kundan buyon gaz ballonlari almashtirilmayotganligidan shikoyat qilar ekan, “Hududgaz”ning tuman filialiga murojaatlaridan natija bo‘lmaganligini ta’kidlagan.

Mazkur murojaat yuzasidan “Hududgaz Samarqand” MChJ ma’muriyati tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilganda, haqiqatdan hududda aholini suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta’minlash belgilangan muddatdan kechikkanligi aniqlandi va ertasiga sho‘rchaliklar suyultirilgan gaz to‘ldirilgan ballonlar bilan ta’minlandi. Gaz ballonlarini almashtirish vaqt oralig‘i 45-50 kunni tashkil etib, koronavirus pademiyasi sabab, aholidan yig‘ilgan va tarqatiladigan gaz ballonlarining dezinfeksiya qilinishi evaziga kechikkanligi mahallada yashovchi iste’molchilarga tushuntirildi.

Hududda aholiga suyultirilgan gaz ballonlarini grafik asosida o‘z vaqtida yetkazib bermaganligi, shuningdek, xizmat vazifasi yuzasidan suyultirilgan gaz ballonlarini o‘z vaqtida iste’molchilarga yetkazib berish ustidan nazorat o‘rnatmaganligi uchun “Qo‘shrabot tumangaz” filiali boshlig‘i Usan Quvvatovga intizomiy jazo qo‘llanilib “hayfsan” e’lon qilindi.

“Hududgaz Samarqand” MChJ matbuot xizmati.