IT-tanlovida birinchi o‘rinni olgan o‘quvchiga eski noutbuk sovg‘a qilingani ortidan tuman hokimi o‘rinbosariga hayfsan berildi
Xabar qilganimizdek, ayni paytda muxbirimiz Nurobod tumanidagi 41-maktab o‘quvchisi Sardor Sattorovning «Bir million dasturchi» loyihasi doirasidagi IT tanlovida g‘olib bo‘lgach, unga topshirilgan sovrin — noutbuk juda eski va ishlatilgan bo‘lib chiqqani tafsilotlarini o‘rganmoqda.
Muxbirimiz Anvar Mustafoqulovning xabar berishicha, Nurobod tumani hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi R.Ibragimov farmoyishi bilan mazkur holatda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan hokim o‘rinbosariga hayfsan berilgan.
"Bir million o‘zbek dasturchilari" loyihasi doirasida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan IT-tanlovida g‘olib bo‘lgan yoshlarni taqdirlashda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Navro‘zbek Jaloliddinovga nisbatan Mehnat kodeksining 181-moddasi (intizomiy jazolar) 1-bandiga asosan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilsin», deyiladi farmoyishda.