It va mushuk saqlashda ham qoida bor

Aholi punktlarida itlar va mushuklarni saqlash qoidalariga ko‘ra, itlar ro‘yxatga olinishi va har yili qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart.

Bu tegishli veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ro‘yxatga olish itlarni dastlabki vaksinatsiya qilishda boshlanib, ularning egalariga belgilangan tartibda it uchun veterinariya pasporti beriladi.

Har yili qayta ro‘yxatdan o‘tkazish itlarni takroran vaksinatsiya qilishda amalga oshiriladi. Bu haqda itlarning veterinariya pasportiga tegishli ma’lumotlar kiritiladi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tegishli veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlariga itlarni quturishga qarshi o‘z vaqtida vaksinatsiya qilish uchun itlarni saqlaydigan fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ma’lum qiladi.

Zotidan qat’iy nazar, 3 oylikdan boshlab itlar vaksinatsiya qilinishi kerak. Yangi sotib olingan itlar, agar ular vaksinatsiya qilingan muddat noma’lum bo‘lsa, sotib olingandan keyin bir hafta muddatda vaksinatsiya qilinishi hamda veterinariya pasporti rasmiylashtirilishi va ro‘yxatga olinishi kerak.

Itlarni ro‘yxatga oladigan veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari:

— vaksinatsiya qilishda xarajatlar belgilangan tartibda qoplangan holda veterinariya pasportini va jeton shaklidagi ro‘yxatga olish belgisini (itning bo‘yinbog‘iga mahkamlanadi) yoki mikrochiplar (teri ostiga kiritiladi) berishga;

— itlarning egalarini ushbu qoidalar bilan tanishtirishga majbur. Bu it egasining itni veterinariya pasportiga qo‘yiladigan imzosi bilan tasdiqlanishi kerak.

Ko‘p qavatli uyning alohida kvartirasida qo‘shnilarning va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining roziligi bilan bittadan ortiq bo‘lmagan itni va bitta mushukni saqlashga ruxsat beriladi.

Alohida uyda itlarni saqlashga faqat bog‘langan holda, erkin sayr qildirishda — atrofi o‘ralgan hududda ajratilgan holda saqlashga yo‘l qo‘yiladi.

Ochiq joylarda sayr qildirilganda va turar joy binolarida itlarning egalari tinchlik saqlanishini ta’minlashlari — ertalab soat 8.00 gacha va kechqurun soat 22.00 dan keyin itlarning vovillashining oldini olishlari kerak.

It ochiq joylarda sayr qildirilganda, u tumshuqbog‘da va 2 metrgacha uzunlikdagi yetovda, jamoat joylarida 1 metrgacha uzunlikdagi yetovda bo‘lishi kerak, tumshuqbog‘siz va yetovsiz faqat maxsus ajratilgan maydonlarda sayr qildirishga ruxsat beriladi.