Izlanuvchan iste’dod egalariga imkoniyatlar eshigi ochilmoqda

Viloyat aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Ular orasidan keyingi 3 yilda 3 nafari “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni, 1 nafari “Kelajak bunyodkori” medali va 4 nafari “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
“Manzilli reja” va “Yo‘l xaritasi” loyihalariga ko‘ra, 2020 yilda ishsiz yoshlarning 24 ming 177 nafarining bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, yilning o‘tgan 6 oyi davomida 16 ming 162 nafar yosh ishli bo‘ldi.
“Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida 1052 nafar yoshga yer maydonlari ajratib berildi.
“Yoshlar-kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida shu paytgacha “Yoshlar mehnat guzari” majmualari viloyatning 7 ta hududida faoliyat yuritmoqda. Jumladan, Narpay tumanida 3 ta, Ishtixon tumanida 2 ta, Bulung‘ur, Jomboy, Payariq, Urgut, Nurobod tumanlarida 1 tadan jami 10 ta majmua ishga tushib, 110 nafar yoshning bandligi ta’minlangan. Samarqand shahrida “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazi qurib bitkazildi va 4 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
- Keyingi yillarda yoshlarimizga qator qulayliklar yaratilib, imkoniyat eshiklari ochilmoqda, - deydi O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Husan To‘xtayev. - Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekistonda yoshlar siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, bu borada zarur yechimlar ishlab chiqish, vakolatli organlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirish maqsadida agentlik tashkil etilgani viloyatimiz yoshlarining ham ko‘nglidagi gap bo‘ldi. Ayniqsa, Yoshlar ishlari agentligining iqtidorli yoshlarni yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga ta’lim olish uchun yuborish, xalqaro tanlovlarda ishtirok etishini ta’minlash muhim vazifalaridan biri ekanligi yosh avlodni o‘z ustida ishlashga, izlanishga undashi bilan ahamiyatlidir.
Yaqinda o‘tkazilgan inson huquqlari bo‘yicha Samarqand veb-forumi ham xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik masalalarida yoshlarning roli va o‘rnini oshirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shahnoza Xoliqova.