Jadid bobolarimiz o‘zbek tilini saqlab qolishga qanday uringan?

O‘zbek adabiy tilining taraqqiyot davri ko‘p asr ilgari boshlangan ekan, o‘tgan vaqt davomida necha martalab hujumga, kamsitilishlarga duch kelganligi tarixdan ma’lum. O‘zbek xalqi o‘zining uzoq tarixiga ega bo‘lishiga qaramay, o‘zbek tili XX asrning boshlarigacha turk, usmonli, sart, chig‘atoy, turkistonli atamalari bilan yuritib kelingan.

XIX asr oxiri XX asr boshlarida Markaziy Osiyoning ijtimoiy-siyosiy hayotida yuksak o‘rin tutgan siymolardan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkistonda yashovchi millat yoki elatlarning umumiy fikr almashish va muloqot vositasi, muhim rivojlanish omili bo‘lgan tillarni taraqqiy ettirish masalasiga alohida e’tibor berdi. U Turkistonda turkiy tilni rasmiy idora tili sifatida qabul qilish zarurligi xususida 1908 yilda rus ma’murlariga murojaat etadi: “Turkistonning musulmon aholisi, asosan turkiyda so‘zlashadi. Janubiy tumanlarda esa yuz mingga yaqin forsiygo‘y aholi bor. Shunga qaramay ular ham turkiy tilini yaxshi biladilar. Turkistonlilar o‘rtasida tashqi ko‘rinishi, dini va tilida farq yo‘q...”

Oradan o‘n yil o‘tgandan so‘ng, ya’ni 1918 yilda Behbudiy shu masalani yangi ma’murlar oldiga qo‘yib, Turkistonda turkiy tillar ichida o‘ziga xos nufuzga ega bo‘lgan o‘zbek tili davlat tili sifatida tan olinishini taklif qiladi.

Abdulla Avloniy Turkistonda pedagogika otasi sifatida tan olingan adib, noshir, dramaturg, jadid adabiyotining yorqin namoyandasi 1921 yilda chop etilgan “Hifzi lison” maqolasida har bir kishi so‘zni to‘g‘ri tanlay bilishi va o‘z o‘rnida ishlata olishi lozimligini ta’kidlaydi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning: “Erlarda jamol lison va tildur”, degan so‘zlariga rioya qilishni ta’kidlaydi. “Milliy tilni yo‘qotmak millat ruhini yo‘qotmakdur. Hayhot! Biz turkistonlilar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun, kundan-kun unutmak va yo‘qotmakdadurmiz. Tilimizning yarmiga arab, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdadurmiz... Zig‘ir yog‘i solub moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadur” deb yozgan edi.

Cho‘lpon badiiy adabiyotning vazifasi xalqni jaholat uyqusidan uyg‘otish, jamiyat taraqqiyotiga va inson barkamolligiga xalaqit beruvchi illatlardan xalos bo‘lish ruhiy, ma’naviy forig‘lanishdan iborat, deb hisoblaydi. U “Sadoi Turkiston” gazetasining 1914 yil 15-sonida bosilgan “Adabiyot nadur?” maqolasida: “Bas, masala bu tariq ekondur, hayotimizning beto‘xtov harakat qilib turmog‘i uchun suv, havo naqadar zarur bo‘lsa, kundalik maishatimiz yo‘lida ruhimiz va vujudimizni zahmatkash falakning qora kirlari, achchiq qurumlaridan yuvib turmoq uchun adabiyot shu qadar zarurdir”, deydi.

Abdurauf Fitrat “Tilimiz” maqolasi orqali o‘zbek tilining faol targ‘ibotchisi va himoyachisi sifatida ko‘rinadi. Bitta “bil” o‘zagidan 98 ta so‘z yasash mumkinligini va turkiy tilning so‘z boyligi fors, arab tillariga nisbatan ko‘proq ekanligini ta’kidlaydi: “Arab, fors, rus, nemis, fransuz tillaridan qay birining sarf kitoblarini olib qarasak, ko‘ramizki, bir so‘zni yasamoq uchun bir qancha yozilg‘on, undan so‘ng shul qoidadan tashqari qolg‘on (mustasno) so‘zlar deb to‘rt-besh so‘z ko‘rsatilgan. Turk so‘zlarida esa bunday so‘z topilmaydir... Tilimizning avjy to‘g‘risida ham boyligi, tugalligi bilindimi? Endi so‘zni turkchaning baxtsizligiga ko‘chiraman. Turk tili shuncha boyligi, shuncha tugalligi bilan baxtsizlikdan qutula olmamishdir. Turk tili dunyoning eng baxtsiz tilidir”.

Turkchani bilmas ekansiz o‘rganing. Hozirgi so‘zlarimizdagi arabcha, forschalardan bir nechasi uchun turkcha topilmaydir, desangiz to‘g‘ridir. Biz ham ularni chiqarmoqchi emasmiz. Unlarni olurmiz, lekin o‘zimizniki qilurmiz. Turkchalashtirurmiz», deb yozadi jadid bobomiz.

Buyuk ma’rifatparvar jadid, adib Abdulla Qodiriy ta’kidiga ko‘ra, xonlik davri eng chigal “tariximizning eng qora va kirlik kunlari”, hatto o‘zbek adabiy tiliga ham salbiy ta’sirini qoldirgan davr sifatida namoyon bo‘ladi. XIX asr oxiri XX asr boshlarida Turkistonda ro‘y bergan milliy inqilob sarkardalarining oliy maqsadi ham, intilishi ham, jonfidoliklari ham ana shu milliy til, milliy g‘ururni saqlab qolish, asrashdan iborat bo‘lgan.

O‘zbek tili o‘zbek millatining uzoq tarixiy ildizlariga, o‘z siyosiy-huquqiy asoslariga ega muqaddas qadriyati, ulkan ma’naviy yutug‘idir. Bugungi taraqqiyotiga qadar shonli va sharafli yo‘llarni bosib, keskin va shiddatli to‘fonlarni yengib kelayotgan milliy tilimiz davlat maqomida yanada ulug‘vor va ustuvorligini namoyon qilmoqda.

Dilafro‘z RAHMATOVA,

Samarqand davlat chet tillar

instituti o‘qituvchisi.