Jadidlar faoliyati dunyo e’tiborida

Bobom Saidrizo Alizoda hayotini ko‘proq o‘rganganim uchun jadidlar bilan bog‘liq har bir mujda yoki maqolaga e’tibor bilan qarayman. Ayniqsa, keyingi paytda jahon tarixchilarining, ziyolilarning O‘zbekiston jadidlari faoliyatining o‘sha davrdagi o‘rni va ular ma’naviy merosining ahamiyatiga qiziqishi meni quvontiradi. Ularning hammasi davlatimiz rahbarining jahon hamjamiyati bilan manfaatli hamkorlik o‘rnatish, xususan, madaniy, adabiy aloqalarni kuchaytirish yuzasidan ko‘rsatayotgan tashabbuslari bilan bog‘liq. Shu boisdan ham Mahmudxo‘ja Behbudiy, Saidrizo Alizoda uy-muzeylariga Hindiston, Eron, Ozarbayjon, Germaniya, Xitoy, Afg‘oniston va boshqa davlatlardan ziyolilar tashrif buyurishyapti. Ular O‘zbekiston haqida keyingi yillarda yozilgan kitoblarda jadidlar faoliyatiga adolatli baho berilganligini ta’kidlashmoqda.

Yaqinda esa Yaponiyadan, Tokio shahridan jadidshunos tarixchi-olim Shimada Shisuo bobom nomidagi uy-muzeyiga tashrif buyurdi. Mehmon nihoyatda samimiy olim ekan. O‘zbekona an’analarga binoan suhbatlashdik, chordona qurib o‘tirdik. U Yaponiyada ham jadidlar faoliyati qadrlanishini aytdi. Umuman, ma’naviy jasorat dunyo olimlari nazarida eng katta jasorat hisoblanar ekan.

Mehmon uy-muzeyni tomosha qildi, har bir eksponatni diqqat bilan kuzatdi, o‘rgandi. Ayrim eksponatlarni ko‘rganda uning hayratlanishiga havasim keldi. Bu yerdagi eksponatlar haqida albatta yapon o‘quvchilariga ma’lumotlar yetkazishini aytdi.

Mehmon menga yuz sahifalik kitob sovg‘a qildi. U «Oyina» jurnalining mundarijasi deb atalar ekan. Bu risolaga Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan 1913 yil 20 avgustdan ta’sis etilgan va 1915 yil 15 iyunigacha chiqqan dolzarb maqolalar kiritilgan. Risolada o‘sha davr jadidlari (jami 60 ga yaqin)ning ism-shariflari keltirilgan. Bundan tashqari, jadidlar faoliyatiga oid maqolalar ham bor. Darvoqe, ziyolilarning ro‘yxati dunyo musulmonlari kongressi ishtirokchisi janob Ismoilbek Gasparali bilan boshlangan.

Nasib etsa, risoladagi materiallar, maqolalar mazmuni bilan «Zarafshon» mushtariylarini yaqindan tanishtirish niyatim bor.

Farhod ALIZODA,

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professori.