Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jahon adabiyoti. Pol Villard. Eski telefon (hikoya)

Uyimizda telefon paydo bo‘lganida, men hali juda kichkina edim. Bunaqa apparat hali tevarak-atrofdagilarda ham yo‘q edi. Devorga mahkamlangan va pardoz berilgan bu eski qutini juda yaxshi eslayman. Uning yaltiroq go‘shagiga yetish uchun bo‘yim ancha kichkinalik qilardi, ammo men onamning telefonda suhbatlashishini maroq bilan tinglardim.

Keyinroq bu ajoyib qurilmaning qayeridadir “Ma’lumot bering, iltimos” nomli odam o‘tirishini kashf etdim. Va nazdimda, u bilmaydigan narsaning o‘zi yo‘q edi. U hammaning telefon raqamlaridan tortib, to‘g‘ri vaqtgacha aytib bera olardi.

Mazkur “banka ichidagi jin” bilan ilk muloqotim onam qo‘shninikiga chiqib ketganida yuz berdi. Yerto‘ladagi asbob-uskunalar dastgohi yonida o‘zimni ovuntirib o‘tirganimda barmog‘imni bolg‘a bilan urib oldim. Og‘riq kuchli edi, ammo yig‘lashdan ham biron ma’ni ko‘rmadim, chunki baribir uyda menga hamdard bo‘luvchi hech kim yo‘q edi.

Men og‘riqdan lo‘qillayotgan barmog‘imni so‘rgancha uy bo‘ylab yura boshladim va oxiri zina yoniga keldim.

Birdan telefon yodimga tushdi! Darhol katta xonadagi taburetka yoniga chopib bordim va uni sudrab telefon turgan joyga olib keldim. Kursining ustiga chiqib, go‘shakni joyidan chiqarib oldim va qulog‘imga tutdim. So‘ng shundoqqina boshim ustida turgan uskuna mikrofoniga yuzlanib, “Ma’lumot bering, iltimos!” dedim. Tugmachani bir-ikki bosganimdan so‘ng qulog‘imga ayol kishining ingichka va tiniq ovozi eshitildi:

“Sizni eshitaman!”

— Barmog‘imni urib oldim… — yig‘lagudek bo‘lib arz qildim men telefonga. Endi meni eshitadigan kimdir borligidanmi, ko‘zimga yosh to‘ldi. «Oying uyda emasmi?» degan savol eshitildi go‘shakdan.

— Uyda hech kim yo‘q, o‘zimman, — yig‘ladim men.

“Qo‘ling qonayaptimi?”

— Yo‘q — javob berdim yana. — Qo‘limni bolg‘a bilan urib oldim, shunga og‘riyapti.

“Muzxonani ocha olasanmi?” — so‘radi u. Men ocha olishimni aytdim.

“Muzdan ozgina ko‘chirib ol-da, uni barmog‘ingga qo‘y”, — degan ovoz keldi.

Shundan so‘ng men bu “tanishim”ga telefon qilib, hamma narsa haqida so‘raydigan bo‘ldim. Bir safar undan geografiya fanidan yordam berishini so‘radim va u Filadelfiya qayerda joylashganini aytib berdi. Yana bir safar matematikadan uy ishini bajarishimga yordamlashdi. Bir kun oldin xiyobondan topib olgan olasichqonim meva va yong‘oq yeyishi mumkinligini ham u aytdi. Jajji kanareykamiz Piti o‘lib qolganida, «Ma’lumot bering, iltimos»ga telefon qilib, bu qushimiz haqidagi g‘amgin hikoyamni so‘zlab berdim. U hikoyamni eshitgach, menga bolalarni ovutish uchun kattalar aytadigan oddiy so‘zlar bilan taskin berdi. Ammo men yupanmadim va undan so‘radim:

— Nega shunday chiroyli kuylab, barcha xonadonlarga quvonch baxsh etuvchi qushlar o‘lishi bilan qafas ichidagi bir tutam patga aylanishlari kerak?

Mening qattiq iztirob chekayotganimni u sezgan bo‘lishi kerak edi. Shunday bo‘lsa-da, uning osoyishta ovozini eshitdim:

“Pol, doim yodingda bo‘lsin, kuylash mumkin bo‘lgan boshqa olamlar ham bor”.

Bu gapdan so‘ng negadir o‘zimni ancha yengil his qildim. Boshqa bir kuni yana telefonni ko‘tardim:

— Ma’lumot bering, iltimos!

“Eshitaman!” — javob qildi tanish ovoz.

— “Tuzatish” so‘zini qanday talaffuz qilasiz? — so‘radim men.

Bularning barchasi Tinch okeani shimoli-g‘arbidagi kichkinagina shaharchada bo‘lib o‘tayotgan voqealar edi. Men to‘qqiz yoshga kirganimda, biz mamlakatdagi boshqa shahar — Bostonga ko‘chib o‘tdik. Eski qadrdonimni juda sog‘inardim. Negadir “Ma’lumot bering, iltimos” deyuvchi ovoz sohibasi joylashgan oldingi uyimizdagi yog‘och qutini keyingi xonadonimizdagi stoldan joy olgan baland, yaltiroq yangi telefonga sira o‘xshata olmasdim. O‘smirlik chog‘imda ham bolaligimdan yorqin xotira bo‘lib qolgan bu suhbatlar yodi meni aslo tark etmadi. Shubhali va qiyin vaziyatlarda ayni shu qo‘ng‘iroqlar tufayli endi o‘zimni xavfsiz his etayotganimni sezardim. Kichkinagina bir bolani tinglash bobida bu ayol qanchalar sabrli, tushunuvchan va mehribon bo‘la olganini hozir juda yaxshi anglayman va uning qanoatiga tahsinlar aytaman.

Bir necha yil o‘tib, g‘arbdagi kollejga ketayotganimda, men uchayotgan samolyot yo‘l-yo‘lakay Sietlda qo‘nib, u yerdan boshqa reysga almashadigan bo‘ldim. Keyingi samolyotga o‘tirgunimcha bir yarim soat vaqtim bor edi. Men o‘n besh daqiqacha vaqtimni ayni paytda shu shaharda yashayotgan opam bilan suhbatlashib o‘tkazdim. Keyin esa nima qilayotganimni o‘ylab ham o‘tirmay, ona shahrimdagi operator raqamini terdim va “Ma’lumot bering, iltimos!” deya murojaat qildim. Bu ne mo‘’jizaki, men o‘zim juda yaxshi biladigan o‘sha ayolning ingichka va tiniq ovozini eshitdim! Bu suhbat haqida o‘ylamagandim, ammo tilimga o‘zim ham kutmagan holda shu so‘zlar keldi: “Iltimos, menga “tuzatish” so‘zi qanday talaffuz qilinishini ayta olasizmi?”

Go‘shakdan bir muddat ovoz eshitilmadi. Keyin esa muloyim ohangdagi javob yangradi: “Taxminimcha, shu vaqtgacha barmog‘ing tuzalib ketgan bo‘lishi kerak…”

Men kuldim.

— Shunday qilib, bu haliyam aniq siz ekanligingizni bildim! — dedim so‘ng. — Qiziq, men uchun gaplaringiz qanchalar ahamiyatli bo‘lganini hech xayolingizga keltirganmisiz?

“Qiziq, — dedi u ham, — sen ham qo‘ng‘iroqlaring men uchun qanchalar ahamiyatli bo‘lganini bilganmikinsan? Men umuman farzand ko‘rmaganman, shu sababmi, qo‘ng‘iroqlaringni kutib yashashdan baxtiyor edim”.

Men o‘tgan yillar davomida uni tez-tez eslaganimni aytdim va opamnikiga kelganimda yana telefon qilishga ruxsat so‘radim. “Albatta, qo‘ng‘iroq qilaver, — dedi u, — Selli deb so‘rasang, kifoya”.

Uch oydan so‘ng Sietlga qaytdim. Ammo bu safar operatorga qo‘ng‘iroq qilganimda, boshqa ovoz javob berdi. Men Sellini so‘radim.

“Uning do‘stimisiz?” — so‘radi ma’lumot beruvchi ayol.

“Ha, juda qadrdon do‘stiman”, — javob qildim men.

“Sizga buni aytishdan qattiq afsusdaman, — dedi ayol, — oxirgi yillarda u to‘liqsiz ish kunida ishlayotgandi, chunki kasal edi. Besh hafta oldin u vafot etdi…”

Go‘shakni qo‘yayotganimda suhbatdoshim so‘rab qoldi: “Bir daqiqa, sizning ismingiz Polmi?”

“Ha”.

“Yaxshi, unda sizga Selli xabar qoldirib ketgan. U telefon qilib qolishingiz mumkinligini o‘ylab shunday qilgandi. Bu xabarni sizga o‘qib berishimga ruxsat bersangiz. Bu yerda shunday yozilgan: “Unga aytingki, men haliyam kuylash uchun boshqa olamlar bor, deyman. U nima demoqchiligimni o‘zi bilib oladi”.

Men ayolga rahmat aytib, go‘shakni joyiga qo‘ydim. Ha, Selli nima demoqchi bo‘lganini tushungandim. Boshqalarda qoldirishingiz mumkin bo‘lgan taassurotlaringizni hech qachon kamsitmang. Bu bilan sizdan shuni so‘ramoqchimanki, inson boshqa kimningdir hayotida qancha o‘zgarishlar qila olishi mumkinligi yodingizda tursin!

 

Ingliz tilidan Muhabbat Sharifova tarjimasi.