Jahon bozorida muzlatilgan mahsulotga talab ortmoqda, biz bunga tayyormizmi?

Keyingi yillarda yurtimizda qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksportini ko‘paytirish, geografiyasini kengaytirish borasida bir qancha choralar ko‘rildi, eksport bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga yengilliklar yaratildi. “Made in Uzbekistan” yorlig‘i ostida bir necha xalqaro ko‘rgazmalar tashkil etildi. Xo‘sh, bu harakatlar mahsulotlar eksportini kengaytirishda qanchalik foyda keltirdi?
- Korxonamiz 2018 yilda AQSh tadbirkorlarining 20 million dollar investitsiyasi hisobidan tashkil etilgan, - deydi “Samarqand garden plast” qo‘shma korxona shaklidagi mas’uliyati cheklangan jamiyati ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Farhod Qo‘chqorov. – Korxonamizda yiliga 25 ming tonna gilos, gulkaram, brokolli, bulg‘or qalampiri kabi 25 turdagi mahsulotni qayta ishlab, Xitoy, Koreya, Rossiya, BAA, Fransiya va boshqa davlatlarga eksport qilamiz. Keyingi yilda eksport hajmini yanada oshirish uchun Yevropadan ilg‘or texnologiyalar keltirishni rejalashtiryapmiz. Hozir tasarrufimizdagi 1500 gektar bog‘da 2000 kishi, korxonada esa 550 nafar xodim mehnat qiladi. Keyingi yildan bog‘ni 2500 gektarga yetkazish va ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga qo‘shimcha 250 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Joriy yilda korxonamiz tasarrufidagi bog‘dan 3 ming tonna hosil olgan bo‘lsak, yana 3 ming tonna mahsulotni fermer va tomorqachilardan xarid qildik. Keyingi yilda yangi texnologiya o‘rnatilgach, bog‘imiz va tomorqachilardan 10 ming tonna hosil to‘plab, eksport hajmini oshirishni rejalashtirganmiz. Mahsulotlarimizdan asosan gulkaram, bulg‘or qalampiri, brokolli, oshqovoq va gilosga Rossiyadan talab yuqori bo‘lmoqda. Birgina gilosni oladigan bo‘lsak, meva danagi ajratilib, muzlatiladi, farmatsevtika korxonalariga sotiladi. Danakdan yog‘ olib, dori-darmon ishlab chiqarishda foydalaniladi.
Yaqin yillarda ham yangi uzilgan gilosga talab yuqori edi. Lekin yetkazib berish, logistikadagi qiyinchiliklar tufayli endilikda muzlatilgan gilos va boshqa mahsulotlarga talab ortmoqda. Chunki yangi uzilgan gilos 10 kun saqlansa, muzlatilgan mahsulotni 2 yil saqlash mumkin. Bundan ko‘rinadiki, xaridor tabiiy mahsulotni yetkazib berish jarayonidagi sifat buzilishidan ko‘ra, muzlatilgan mahsulotni ma’qul ko‘rmoqda. Bu usulda mahsulotning ta’mi va sifati buzilmaydi, iste’mol qilishdagi ishonch ham saqlanib qoladi.
Aslida zaminimizda yetishtirilgan har qanday meva-sabzavot, sifati va ta’mi bilan xaridorni e’tiborsiz qoldirmaydi. Keyingi navbat esa mahsulotni sifatli qadoqlab, o‘z vaqtida xaridorga taqdim etishga bog‘liq.
- Korxonamiz 2003 yilda latviyalik tadbirkorlar bilan hamkorlikda mayiz, quritilgan mevalarni qayta ishlab eksport qilish yo‘nalishida tashkil etilgan, - deydi “Samren treyd” MChJ menejeri Umid Gulmurodov. – Biz asosan Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Turkiya va MDH davlatlariga mahsulot eksport qilamiz. Korxonamiz yiliga 3 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. O‘tgan yili 3 million dollarlik eksport qilgan bo‘lsak, joriy yilning 6 oyida 3,3 million dollarlik mahsulot sotdik. Yil yakunigacha bu ko‘rsatkichni 6 million dollardan oshirishni rejalashtiryapmiz. Buning uchun yangi hamkorlar topish, o‘zlashtirilmagan bozorlarga chiqish ustida ish olib boryapmiz.
Korxonada asosan bir necha turdagi mayiz, quritilgan o‘rik, olxo‘ri, grek yong‘og‘i eksport qilinadi. Savol tug‘iladi - arab davlatlarida o‘zbek mayiziga talab yuqori, lekin nega korxona importyorlari qatorida ularning nomi yo‘q?
Menejerning aytishicha, bunga sabab arablar yuqori sifatli qora mayiz xarid qilishadi. Biz esa asosan sanoatbop mayiz va quruq meva eksporti bilan shug‘ullanamiz. Lekin bu yo‘nalishda ham ishlash va arab davlatlariga eksportni yo‘lga qo‘yish o‘rganilmoqda.
Bir necha yil avval Gretsiya, Turkiya davlatlaridan katta hajmda tezpishar grek yong‘og‘i ko‘chatlari keltirib ekilgandi. G‘arbga shu turdagi yong‘oq eksport qilinadi. Bu yo‘nalishda yaqin masofada yetishtiruvchi bo‘lishiga qaramay O‘zbekiston iqlimida yetishtirilgan yong‘oqqa talab yuqori bo‘lmoqda. Bu imkoniyatdan unumli foydalanish uchun korxonaga Turkiya, Belgiya va Xitoydan mahsulotni tozalash, standartlarga ajratadigan uskunalar keltirilgan.
- Bundan tashqari, korxonamizda davlat standartlaridan o‘tgan va viloyatda yagona bo‘lgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qadoqlashga mo‘ljallangan karton qutilar ishlab chiqarilmoqda, - deydi U.Gulmurodov. - Chunki, dunyo davlatlarida mahsulot (asosan oziq-ovaqt va meva-sabzavot)ni plastik idishlarda qadoqlashdan voz kechilmoqda, yog‘och qutilarda esa sanitariya talablariga zid bo‘lgan hasharotlar uchraydi. Shuning uchun qog‘oz, ya’ni karton qutilarga talab ortmoqda.
Har qanday eksport va import qilinayotgan iste’mol mahsulotlarining sifati karantin idoralari tomonidan nazorat qilinadi. Biroq ushbu tizim mutaxassislari faqat mahsulot sifatini nazorat qilib qolmay, eksportyor tadbirkorlarga har tomonlama ko‘maklashishi talab etiladi.
- Boshqarmamiz tomonidan O‘zbekiston brendini, qishloq xo‘jaligi sohasidagi salohiyatini yirik bozorlarga namoyish etish, yuqori sifatli mahsulotlar yetkazib berish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, - deydi viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Mirfayoz Mallayev. – Prezidentimizning 2025 yil 8 apreldagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish hamda qayta ishlash zanjirini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida qishloq xo‘jalik kooperativlari yaratish, ularga subsidiyalar ajratish belgilangan. Bundan ko‘zlangan maqsad qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksportini ko‘paytirishga qaratilgan. Eksportyor korxona kooperativ orqali mahsulotni xarid qilib, qadoqlab, eksport qilganda ularga ijtimoiy soliqlardan 1 foiz yengillik beriladi. Hozirda viloyatimizda 24 ta shunday kooperativlar tashkil qilinmoqda.
Made in Uzbekistan brendi ostida qishloq xo‘jalik mahsulotlarimizning eksportini ko‘paytirish va mamlakatimizning agrar sohadagi salohiyatini namoyish etish uchun hozirgacha Pokiston, BAA, Angliyada ko‘rgazmalar o‘tkazildi. Endi Mo‘g‘ulistonda katta yarmarka o‘tkazish rejalashtirilyapti. Bu yarmarkalarning har birida tadbirkorlarimiz 3-5 million dollarlik shartnoma imzolamoqda. Hozirda bizning talabimiz mahsulotni ulgurji bozorga sotish emas, balki supermarketlar rastalariga joylashtirish borasida ish olib boryapmiz. Chunki, mahsulotimiz sifat va ta’m borasida yetakchi bo‘lsa-da, Turkiya va Xitoy tadbirkorlari mahsulotni zamonaviy, xaridor e’tiborini tortadigan qilib qadoqlab, rastalarga joylashtirmoqda. Masalan, 100 gramm qilib qadoqlangan mayiz rastalarda 5-6 dollardan sotilmoqda. Tadbirkorlarimiz esa ulgurji bozorda kilogrammini 5-6 dollardan sotyapti. Biz ham mahsulotimizni zamonaviy qadoqlab supermarketlarga yetkazish imkoniyatidan foydalanishimiz kerak. Hozirda mahsulotimiz 60 dan ortiq davlatga sotilayotgan bo‘lsa, asosiy xaridorlarimiz Rossiya, Xitoy, Turkiya, Eron, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Yevropa Ittifoqi, Boltiqbo‘yi davlatlari hisoblanadi. Yaxshi va yangi yo‘nalish sifatida yaqinda AQShga grek yong‘og‘i va no‘xat eksportini yo‘lga qo‘ydik.
Hozirda O‘zbekistonda yetishtirilgan barcha turdagi quritilgan meva-sabzavotlarga talab bor. Shu o‘rinda bir jihatga e’tibor qaratamiz. Koreya va Xitoyda bizning gilosimizga qiziqish yuqori, lekin logistika muammolari tufayli yetkazib berish qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shu bois, davlat rahbarining tegishli qarori bilan refrejerator konteynerda eksportni yo‘lga qo‘yish belgilandi. Birgina Xitoyga mahsulot refrejerator konteynerda -1 daraja haroratda 21 kun davomida ochilmasdan yetkazilsa, bu mahsulot tekshirilmasdan supermarketlarga yo‘naltiriladi.
Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, o‘zbek gilosi bir necha yil oldin dunyoda eng ko‘p eksport qilinadigan 3 ta davlat qatorida edi. Lekin ayrim eksportyorlarimiz tomonidan sifatsiz mahsulot sotilishi tufayli tovarga ishonch pasaydi. Huquqiy yoki hujjat, standart tomonidan cheklov yo‘q, asosiy muammo yetkazib berish bo‘lib qolmoqda.
O‘ktam Xudoyberdiyev.