Jahon iqtisodiyoti falajlanayotgan sharoitda mamlakatda pandemiya asoratlarini qisqartirish uchun nima qilish kerak?

Jahon iqtisodiyoti bundan oldin ham bir qancha inqirozlarni boshdan kechirgan. Jahondagi asosiy mahsulotlarni ishlab chiqaradigan mamlakatlar karantinda ekanini hisobga olsak, iqtisodiyotdagi bu galgi inqiroz avvalgilariga qaraganda ancha jiddiy. Koronavirus pandemiyasi 2008 yilgi moliyaviy-iqtisodiy inqirozga nisbatan jahon iqtisodiyotiga katta talafot keltirishi mumkin.

Xalqaro valyuta fondi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda jahon iqtisodiyoti o‘sishining bashorati negativ ko‘rsatkichlarni namoyon qiladi. Ya’ni, 2020 yilda jahon iqtisodiyotining o‘sishi 2,3 foizga pasayishi bashorat qilinmoqda. Pandemiyaning ta’siri oqibatida jahon iqtisodiyotining barcha real tarmoqlarida sanoat, qishloq ho‘jaligi, savdo, qurilish, transport, turizm va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarida   sezilarli darajada pasayish va ishsizlik kuzatiladi.

Hozirgi pandemiya jahonda yirik iqtisodiy va geosiyosiy inqirozga olib keladi. Chegaralar yopiladi, proteksionizm (ichki bozorni himoya qilish) hukmronlik qiladi. Tadbirlarning barchasi onlayn o‘tkaziladi, yirik yarmarkalar bekor qilinadi, savdo markazlari yopiladi, xaridlar asosan internet orqali amalga oshiriladi. Uydan ishlash va onlayn xizmatlar ko‘rsatish yanada avj oladi. Darhaqiqat, hozirda inqiroz simptomlari kuchaymoqda: jahon birjalarida aksiyalar kursi pasaymoqda,  neft narxi tushmoqda, oltin narxi ko‘tarilib, xalqaro xo‘jalik aloqalari uzilmoqda.

Uzoq davom etadigan karantin cheklovlari iqtisodiyotda bir qator  xavflarni keltirib chiqaradi. Ya’ni, importning eksportga nisbatan keskin o‘sishiga olib keladi. Xizmat ko‘rsatish sohalari – aviatsiya, temir yo‘l, turizm, mehmonxonalar tarmog‘i va boshqalar faoliyati deyarli to‘xtab qolishi oqibatida ish o‘rinlari qisqarishiga sabab bo‘ladi. Ishlab chiqarishning pasayishi talabning taklifga nisbatan yuqoriligini ta’minlaydi. Bu esa narxlar muvozanatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Iqtisodiy pasayish holatining davomiy bo‘lishi ishsizlik darajasini oshiradi va aholining to‘lovga bo‘lgan qobiliyati keskin tushib ketishiga olib keladi. Davlat byudjetiga tushumlarning, jumladan, soliq to‘lovlarining kamayishi vujudga kelib, byudjetni shakllantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Buning oqibatida esa davlat byudjet tashkilotlariga ajratiladigan xarajatlarni moliyalashtirishda muammolar tug‘ilishi mumkin.

Jahondagi barcha davlatlar qatori ushbu pasayishlar O‘zbekiston Respublikasida ham namoyon bo‘ladi. Pandemiya ta’sirining oldini olish maqsadida O‘zbekiston hukumati bir qator me’yoriy hujjatlar ishlab chiqdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 mart kuni “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va 2020 yilning 3 aprelida “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Moliya vazirligi huzurida Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etildi. Iqtisodiyotda band bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarga soliq to‘lash muddati kechiktirildi, ayrim subektlar esa joriy yil oxirigacha soliq to‘lovidan ozod qilindi. Tadbirkorlik sub’yektlari va korxonalarga qator imtiyozlar taqdim etildi, ayrim qarzdorliklar kechiktirildi, debitorlik qarzdorlik uchun jarimalar qo‘llash to‘xtatildi. Auditorlik tekshirishlar yil oxirigacha bekor qilindi, koronavirus pandemiyasi tufayli ko‘rilgan talafotlarni kamaytirish bo‘yicha yana boshqa bir qator yengilliklar berildi.

Hukumatimiz tomonidan berilayotgan yengilliklar va ko‘rilayotgan choralar pandemiyaning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatishga yordam beradi, albatta.

Jahon iqtisodiyotining falajlanayotgan sharoitida, mamlakatimizda pandemiya asoratlarini qisqartirish maqsadida nimalarga e’tibor berish kerak?

Avvalo, ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi soha vakillari jalb qilinayotgan investitsiyalar asosiy harakatlantiruvchi kuch ekanligini unutmasligi lozim. Chunki inqiroz oqibatida iqtisodiy tanazzul yanada pasayishi kuzatiladi. Avvalo bunda moliyaviy resurslarni mavjud loyihalarning samaradorligini oshirishga qaratish ham muhim hisoblanadi.

Mavjud mulk xo‘jaliklaridan oqilona foydalanish, fuqarolarni uy sharoitida mahsulot ishlab chiqarishga jalb etish ham e’tibor-markazimizda bo‘lishi kerak. Ishlab chiqarilgan tovarlarni markazlashgan yoki davlat xaridlari sotib olish orqali aholini rag‘batlantirish mumkin bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida, chetdan import qilish mumkin bo‘lgan tovarlarni o‘zimizda ishlab chiqarish bilan birga, ortiqcha mahsulotni eksport qilish imkoniyatini beradi.

Jahon bozorida raqobatning kuchayishi respublikamizda yangi texnologiyalarning yanada tezroq joriy etilishini talab qiladi. Endilikda elektron tijorat, raqamli to‘lovlar va masofadan ishlash, ilm-fan rivoji, qo‘yingki, barcha sohalarda innovatsiyalarga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish lozim. Eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatiga e’tibor qaratish muhim o‘rin tutadi. Jumladan, dunyo bo‘yicha talab oshib borayotgan farmatsevtika, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi, iste’mol uchun birlamchi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar faoliyatini kuchaytirish maqsadga muvofiq.

Iqtisodiy inqiroz jarayonida xalqaro bozordagi kompaniyalar “xavfsizlik yostiqchasi”ga katta ahamiyat qarata boshlaydi. Chunki 2008 yildagi moliyaviy inqiroz AQSh, Ispaniya, Irlandiya va qator mamlakatlardagi mulk bozorlarida ulkan “ko‘piklar” hosil qilgan, banklar yetarlicha «xavfsizlik yostiqchasi»ga ega bo‘lmasdan turib, o‘ta xatarli operatsiyalarga aralashib qolgandi. Ular ushbu xatoni takrorlamaslikka harakat qilishadi. Yuqori darajada avtomatlashgan zavodlarga e’tibor kuchayadi. Jahon iqtisodiyotida ishlab chiqarishning xalqaro ixtisoslashuv tizimi buziladi. Milliy ishlab chiqaruvchilarimiz ham ushbu jarayonlarga katta e’tibor qaratishi talab etiladi.

Hozirgi inqiroz natijasida jahondagi barcha kompaniyalar ishlab chiqarish zanjirini sinchkovlik bilan amalga oshiradi. Xalqaro iqtisodiy aloqalardagi bir qadar turg‘unlik transport va ishlab chiqarish munosabatlarining buzilishiga olib keladi va hozirgi ko‘rinishdagi globallashuvga nuqta qo‘yadi. Ko‘pchilik butlovchi qismlarni Xitoydan import qilish o‘rniga, o‘zlari ishlab chiqarishi yoki yaqinroqdagi mamlakatlardan olish haqida o‘ylay boshlaydi. Boshqacha aytganda, hududlashish jarayoni yoki yangi iqtisodiy hududlar shakllanishi boshlanadi. Shuning uchun, O‘zbekistondagi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadiganlar ham mahalliylashtirish masalalariga e’tibor qaratishi lozim.

O‘zbekistonda  monetar-fiskal siyosatni shakllantirish, bank sohasi va pul oboroti tizimidagi islohotlarni tizimli yo‘lga qo‘yish zarurligi ayonlashmoqda. Soliq tushumlari bo‘yicha ma’lum muddatga ta’tillar berilayotgan bir paytda davlat byudjetining daromadlar qismini to‘ldirish, ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashqi qarzlarga ehtiyoj seziladi. Albatta, bunda tashqi qarzlarni mamlakatimizning oltin-valyuta zaxiralarimizni inobatga olgan holda jalb etish lozim.

Jahonda hukm surayotgn pandemiyaning oziq-ovqat xavfsizligiga ta’siri masalasi har jihatdan muhimligini alohida ta’kidlab o‘tish zarur. O‘zbekistonda ham koronavirus pandemiyasi oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Shu sababli, xalqimizni yetarli oziq-ovqat bilan ta’minlash bugungi kunda muhim vazifa. Albatta, ushbu jarayonda fermer, dehqon xo‘jaliklari bilan bir qatorda, aholining tomorqa yer maydonlarining ham alohida o‘rni bor. Aholi o‘ziga ajratilgan yerdan unumli foydalanishi, ko‘proq hosil olishga harakat qilishi kerak.

Prezidentimiz 8 aprel kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida tomorqachilikni rivojlantirish oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai ekanini ta’kidlab, “bunday davrda tomorqani qarovsiz tashlab qo‘yish xiyonat” ekanligini uqtirdi. Bugungi sharoitda tomorqani eng ishonchli daromad manbai sifatida baholadi. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi jahonning eng yetakchi mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligi masalasi yetarlicha ta’minlanmaganini ko‘rsatgani qayd etildi. Davlatimiz rahbari bu masalada – O‘zbekistonda oziq-ovqatga bo‘lgan ichki talabni to‘la qondirish, aholi farovonligini oshirish uchun katta zaxira va imkoniyatlar mavjud ekanligini aytib o‘tdi. Barcha fermer, klaster xo‘jaliklari, dehqonlar karantin qoidalariga amal qilgan holda o‘z dalasida, aholi esa tomorqasida bahorgi ekish ishlarini davom ettirishi kerakligini ta’kidlab, tomorqasiga ekin ekmagan fuqarolar yer solig‘ini oshirilgan stavkada to‘lashi mumkinligidan ogohlantirdi.

Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kuni global inqiroz va pandemiya sharoitida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida respublikamiz hududlarida qishloq xo‘jaligida, sanoat va qurilish, iqtisodiyotning boshqa ustuvor tarmoqlarida, tadbirkorlik sub’yektlarida ishlarni samarali davom ettirish kerakligini, 34 millionlik  xalqimizni boqish barobarida qanchadan-qancha yetishtirgan mahsulotlarni chetga eksport qilish vazifalari turganligini ta’kidladi.

Albatta, butun mamlakat aholisining hayoti uyda kechayotgan bir paytda to‘q yashashning muhim omillardan biri qishloq joylarida tomorqadan foyda olishdan boshqa yana nima bo‘lishi mumkin? Tomorqada mehnat qilinsa, birinchi navbatda, mahalliy aholi band bo‘ladi. Ikkinchidan, oilaga qo‘shimcha daromad keladi. Kelmaganda ham o‘zini-o‘zi qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlaydi. Tashqaridan qimmatga sotib olinmaydi. 

Hozirgi karantin vaqtida oliy o‘quv yurtlarida ta’lim jarayoni to‘xtatilib, talabalar uylariga ketgan. Onlayn rejimida darslar tashkil etilgan, masofaviy ta’lim yo‘lga qo‘yilgan. Talabalarning aksari qishloq yoshlari, ular masofaviy ta’limdan bo‘sh vaqtlarida tomorqa xo‘jaligida ota-onasiga yordamlashsa, qo‘shimcha daromad olsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Umuman olganda, koronavirus pandemiyasining hali to‘la o‘rganilmagan asoratlarini bartaraf etish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida o‘sish bo‘lishi uchun keng o‘ylangan, oqilona faoliyat olib borishni talab qiladi.

Albatta, bunda xalqimizdan o‘zini boshqarishi, metindek iroda va qattiq intizomga, fuqarolar esa o‘rnatilgan tartib-qoidalarga qat’iy amal qilishi maqsadga muvofiq.

Alisher EShTAYeV,

SamDU prorektori, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.