Jamoat hojatxonalariga yer ajratishdagi qing‘irliklar aniqlandi
Turizm sohasida asosiy muammolaridan biri — zamon talablariga javob beradigan sanitariya - gigiyena shoxobchalari (SGSh), ya’ni jamoat hojatxonalari yetishmasligi.
Mamlakatimizda 25 mln.dan ziyod xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun me’yorga asosan o‘rtacha 12,5 mingta SGShga ehtiyoj mavjud.
Sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida 2019-2021 yillarda SGShlar qurish uchun yer uchastkalari auksionsiz berilgan. Ushbu imtiyozdan ayrim “tadbirkorlar” umuman foydalanmagan bo‘lsa, ayrimlari uddaburonlik bilan foydalangan.
Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, o‘rganishlar asosan hokimliklar tomonidan 485 ta yoki har to‘rtta murojaatlardan uchtasiga yer uchastkalari ajratilmaganligini ko‘rsatmoqda.
Ajratilganlarida esa SGShlar qurilishi, ishga tushirilishi o‘rganilmagan yoki mas’ullar tomonidan bu borada noqonuniy qarorlar qabul qilingan.
Yoki, SGSh uchun ajratilgan 41 ta yer maydonida savdo, maishiy xizmat va ovqatlanish maskanlari qurilib, ularga egalik huquqi noqonuniy rasmiylashtirib berilgan.
Jumladan, Samarqand shahri va Mirobod tumanida 1 tadan, Angren 2 ta, Uchtepa va Parkentda 3 tadan, Olmaliq shahri, Guliston va Oqoltinda 4 tadan, Mirzaobodda 8 ta va Sardobada 11 ta shunday holat aniqlangan.
Shu jumladan, yer uchastkalari o‘lchamiga (80-100 m2) qo‘yilgan talablar ham qo‘pol ravishda buzilgan.
Bosh prokuratura aniqlangan holatlar yuzasidan mutasaddilarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.