jamoatchilik.uz‘da jamoatchilik takliflari qabul qilinmoqda

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda aholining ishtiroki kengayib bormoqda. Fuqarolar jamiyat hayotidagi muammoli masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini, taklif va tashabbuslarini bildirishda faollik ko‘rsatmoqda. Bugun O‘zbekistonda qonunchilikka kiritilishi lozim bo‘lgan o‘zgarishlar, ishlab chiqilayotgan yangi qonun hamda davlat dasturlarining loyihalari, hatto mahalliy darajadagi normativ hujjatlar ham keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilgan holda qabul qilinishi tizimi shakllanmoqda.

2017 yilda tasdiqlangan Harakatlar strategiyasi doirasida ilk bor Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan va muhokamalar davomida fuqarolardan, idora va tashkilotlardan ko‘plab taklif hamda mulohazalar bildirilgan edi. Bu an’ana yildan-yilga davom etib, fuqarolar ovozi, ularning fikri asosida dasturlar ishlab chiqilmoqda. Bu esa o‘z navbatida, davlat dasturlarining xalqchilligini oshiradi, ularning ijrosi samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

2020 yil yakuniga sanoqli kunlar qolgan shu kunlarda “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan 2021 yil uchun mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasini ishlab chiqish uchun takliflarni qabul qilish boshlandi. Takliflar jamoatchilik.uz platformasi orqali qabul qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilganidek, davlat xalq irodasini ifoda etadi. Demak, tasdiqlanayotgan Davlat dasturlari ham xalqning xohish-istaklarini, fuqarolarning muammolarini qamrab olishi va pirovardida aholining turmush farovonligini oshirishga hamda davlatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan ustuvor vazifalarni o‘zida aks ettirishi lozim.

jamoatchilik.uz platformasi orqali fuqarolar tomonidan davlat va jamiyat qurilish tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish borasidagi takliflari kelib tushmoqda. Shuni alohida ta’kidlash joizki, fuqarolik jamiyatining rivojlanishida bu holatlar muhim ahamiyatga ega. Bugun taklif berib, tashabbus ko‘rsatgan jamiyat ertaga uning natijasini ham so‘raydi, shu tartibda davlat va jamiyat o‘rtasida ongli muloqot muhiti shakllanib boradi.

Zafar KARIMOV,

“Yuksalish” umummilliy harakati Samarqand viloyat bo‘linmasi rahbari.