Jannat ham o‘zing, do‘zax ham o‘zing

Shogird ustozidan so‘rabdi:
– Ustoz, men jannat va do‘zax nimaligini bilmoqchiman.
– Ko‘zingni yumgin va sen jannatniyam, do‘zaxniyam ko‘rasan”.

– Men avval jannatni ko‘ramanmi?
– Ko‘zingni yumib, tinchlan, endi tinch va sokin nafas olib, jannatni his qilgin, jannatdan chiqib, do‘zaxning ovozini eshitishga harakat qil. Endi do‘zaxniyam ko‘rsang bo‘ladi, - debdi ustoz sokin ovoz bilan.
Shogird ko‘zini ochib hech narsa ko‘rmaganligini aytibdi.
Ustoz:
– Sen odamlar aytgan jannatning go‘zal bog‘larini va zilol suvlarini hamda do‘zaxning olovini-yu, chinqiradigan ovozini eshitmoqchi bo‘lding, shundaymi?
– Men do‘zaxda odamlar qiynoq va azobda ekanligini va jannatda rohat-farog‘atda yurganliklarini ko‘rishni istagandim, ammo hech narsa ko‘rmadim!
– Sen jannatniyam ko‘rding, do‘zaxniyam ko‘rding, faqat u joylardagi bog‘u-rog‘larni, zilol suvlarni yoki do‘zaxning olovi va azobini gunohu savoblaring bilan o‘zing olib borasan. Aytganingdek, u joylarda hech narsa topa olmaysan, topganlaringni esa o‘zing bilan olib borgan bo‘lasan.
Zebiniso Ahmedova.