Janubiy Koreyaga borib kelgan Payariq tumani hokimi hududga yangiliklar kiritdimi?
Joriy yilning 29-31 may kunlari viloyat hokimi E.Turdimov boshchiligida viloyat hokimining o‘rinbosarlari, tuman hokimlari, tashkilot rahbarlari hamda tadbirkorlardan iborat delegatsiya Janubiy Koreya davlatida bo‘lib qaytdi.
Jumladan, Payariq tumani hokimi va tuman tadbirkorlari ham Koreya davlatiga borib hamkorlikni kengaytirish, investitsiya jalb etish, qo‘shma korxonalar tashkil etish borasida bir qator kelishuvlarga erishdi. Tuman hokimi Dilshod Musinov bilan tumanda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, mahsulotni qayta ishlash, eksport imkoniyatlari va tumandagi o‘zgarishlar xususida suhbatlashdik.
- Avvalo, Koreya davlatiga amalga oshirilgan tashrif va undan ko‘zlangan maqsad, erishilgan kelishuvlar haqida to‘xtalsangiz?
- Koreya dunyoning eng iqtisodiy rivojlangan, sanoat ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha yetakchi davlatlaridan biri hisoblanadi. Uch kunlik tashrif davomida Koreyaning Seul, Inchxon va Chungbuk hududlarida bo‘lib, u yerdagi iqtisodiy zonalar faoliyati bilan tanishdik hamda davlat tadbirkorlarining biznes-forumi, taqdimotlar va uchrashuvlarda qatnashdik. Tadbirkorlarimiz tajriba almashishdi. Tashrif davomida tumanimizda 100 gektar maydonda zamonaviy issiqxona qurish bo‘yicha Janubiy Koreyaning “Myung Sung Placon Ltd” bilan umumiy qiymati 50 million AQSh dollarlik memorandum imzoladik. “Doo Jin Corparation Co Ltd” kompaniyasi bilan tumanimizdagi “Next Construktion” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida issiqxona kompleksini qurish bo‘yicha 6 million dollarlik kelishuvga erishildi. Ushbu tashrifda kelishilgan 56 million dollarlik 2 ta loyiha 2019-2022 yillarda amalga oshiriladi.
- Hokim sifatida ish boshlaganingizga ko‘p bo‘lmadi. Tuman iqtisodini rivojlantirish uchun qaysi sohalarga e’tibor qaratyapsiz?
- Payariq agrar tumanlardan bo‘lganligi bois birinchi navbatda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, fermer xo‘jaliklarini qisqa muddatda klaster tizimiga o‘tkazish, bog‘ va tokchilikni rivojlantirish, tumanda yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini shu yerning o‘zida qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishni rejalashtiryapmiz. Shuningdek, tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish loyihalarini amalga oshiryapmiz.
Bundan tashqari, tumandagi eng dolzarb bo‘lgan ichimlik suvi muammosi, ichki yo‘llarga tosh va asfalt yotqizish, elektr hamda gaz ta’minotidagi muammolarni hal etish borasida ishlar olib borilmoqda.
- Payariq iqtisodi biroz og‘irroq tumanlardan hisoblanadi. Tumanni subvensiyadan chiqarish, ishlab chiqarish va investitsiya oqimini ko‘paytirish, iqtisodni rivojlantirish borasida qanday ishlar olib borilmoqda?
- Tumanning katta qismi tog‘ va tog‘oldi hudud bo‘lganligi uchun bu yer infratuzilma va kommunikatsiyadan olisda joylashgan. Bu esa ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalar rivojiga ta’sir etmasdan qolmaydi. Shunday bo‘lsa-da, holatni o‘rganib, tumandagi barcha ijtimoiy muammolar yechimini faqat tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yechishimiz mumkin, degan xulosaga keldik. Shu maqsadda bu yil tumanimizda qariyb 300 milliard so‘m bo‘lgan 40 dan ortiq loyiha amalga oshiriladi va 650 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi. Hozirgacha qiymati 5 milliard so‘mdan ortiq 10 ta loyiha ishga tushirildi.
Xorijiy sarmoyadorlarning mablag‘i hisobidan yana 5 ta loyiha ishga tushadi va unda 450 nafar aholi ishli bo‘ladi. Yil yakuniga qadar Bunyodkor, Fidokor va istiqlol mahallalarida 3 ta tayyor tikuv-trikotaj tovarlari ishlab chiqaruvchi korxona 350 nafar ishchi bilan zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarishni boshlaydi. Yana xitoylik tadbirkorlarning 3 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi asosida Polvonariq mahallasida yiliga 30 million dona g‘isht ishlab chiqarish zavodi qurilyapti. Hozirgacha yangi zavod uchun 540 million dollarlik sarmoya kiritildi, yil yakunigacha yana shuncha mablag‘ kiritilib, zavod mahsulot chiqara boshlaydi va jami 80 kishini doimiy ish bilan ta’minlaydi.
Ushbu suhbatni to‘laligicha o‘qishni istasangiz, "Zarafshon" gazetasini kuzatib boring.
Gazetada Payariq tumani hokimi viloyat hokimi o‘tkazayotgan sayyor qabullarda eng ko‘p murojaat ushbu tumandan kuzatilgani va buning sabablari, murojaatlar ijrosi qay darajada yechilayotgani, sektorlar tomonidan uyma-uy yurib o‘rganishlar natijasi, ularning murojaatlari va muammolari asosan nimalarda namoyon bo‘layotgani kabi savollarga ham javob beradi.