Jarrohlikda hal qiluvchi hodisa – novokainning kashf etilishi

Kokain keltirib chiqaradigan oqibatlardan hafsalasi pir bo‘lib, umidsizlikka tushgan Alfred Eynxorn 13 yil davomida og‘riqsizlantiruvchi moddani sintezlab novokainni kashf qildi. U o‘zining bu kashfiyoti uchun bir tiyin ham ishlab olmadi.

1906 yilda dunyo farmatsevtika bozorida yangi og‘riqsizlantuvchi modda – prokain paydo bo‘ldi. Uning sotuvi allaqachon novokain nomi bilan yo‘lga qo‘yilgan edi. Bunday nom darhol xaridorlarga yangi kokainga duch kelgani haqidagi g‘oyani uyg‘otishi kerak edi. Gap shundaki, XIX asrning oxiri XX asr boshlarida kokain yovvoyi shuhrat qozondi. Undan nafaqat jarrohlik amaliyotida og‘riq qoldiruvchi dori sifatida, balki uzoqni ko‘rolmaslik, ko‘z kasalligi, nevralgiya, qorin shishi va yana bir qator boshqa kasalliklarni davolash uchun dori vositasi sifatida foydalanilardi.

Lekin tezda kokainning inson tanasiga halokatli ta’sir ko‘rsatishi   aniqlandi. Gap nafaqat koka o‘simligining barglaridan ajralib olingan moddaning yuqori toksikligida emas, balki insonning keyinchalik unga og‘riqli tobelik paydo bo‘lishi to‘g‘risida borardi. Shunda olimlar o‘zining og‘riqsizlantirish xususiyatiga ko‘ra, kokaindan qolishmaydigan va doza miqdori ko‘paygan sari insonni o‘lim holatiga olib bormaydigan analogni yaratishni o‘z oldiiga maqsad qilib qo‘yishdi. Buning uchun kokainning kimyoviy tarkibi va xususiyatlarini o‘rganib, undan birikmalar hosil qilish va formulasini kerakli natijaga o‘zgartirish kerak edi.

Nemis kimyogari Alfred Eynxorn o‘zining novokainni sintez qilish bo‘yicha ilmiy tajribasini 1892 yilda boshlagan edi. Keyingi yillarda uning hamkasblari tomonidan yangidan-yangi og‘riq qoldiruvchi vositalar taklif qilinardi. Ammo ularning xususiyatlari boshqasidan keskin farq qilib, faqat yuzaki og‘riq qoldiruvchi sifatida qo‘llanishi mumkinligini ko‘rsatardi.

Eynxorn esa quyidagi mezonlarga javob beruvchi moddani sintez qilishni rejalashtirdi: u suvga eruvchan, ma’lum me’yorda toksik bo‘lmagan, jarrohlikda qo‘llaniladigan, sterillanganda parchalanib ketmaydigan va yuborilgan joyini qichitmaydigan vosita bo‘lishi kerak edi. Ushbu izlanishlarga u 13 yil vaqtini sarfladi.

Alfred Eynxorn 1856 yilda Gamburg shahrida savdogar yahudiy oilasida dunyoga keldi. Ota-onasi vafot etganida u 10 yoshda edi. Shundan keyin unga qarindoshlari g‘amxo‘rlik qilishdi. Leypsig shahridagi yaqinlarinikiga ko‘chib o‘tgan Alfred shu yerda maktabni bitirib, universitetga o‘qishga kirdi va kimyo fanini o‘rganishni boshladi. O‘qishini tugatib, Tyubingen universitetida o‘qituvchilik qildi va 1800 yilda fan doktori darajasini oldi. Keyin Myunxen univesitetida faoliyat yurituvchi, Nobel mukofoti laureati Adolf fon Bayerning tadqiqot jamoasida, keyinchalik Darmshtatd univesitetida privat-dotsentlik vazifasini bajardi. So‘ngra Germaniya G‘arbidagi Axen shahrining Prussiya qirollik universitetida professorlik unvoniga erishdi.

Hammasi yaxshi edi, lekin Alfred faqatgina ta’lim bilan cheklanib qolishni istamadi. U o‘zini ilmiy izlanishlarga bag‘ishlamoqchi bo‘ldi va 1891 yilda fon Bayerning laboratoriyasiga qaytdi. Myunxenga kelishi bilanoq u o‘zining mo‘’jazgina, ammo o‘ziga xos laboratoriyasini boshqardi. Aynan shu yerda u shogirdlari bilan kokain tarkibini o‘rganishni boshladi va butunlay nojo‘ya ta’sir ko‘rsatadigan dori o‘rnini bosuvchi vositani topishga e’tiborini qaratdi.

Biroq prokainni kashf qilish uchun u yana bir necha yil sarfladi. Oraliqda sintez qilingan moddalar Eynxornni o‘z xususiyatlari bilan qoniqtirmadi. Shunga qaramay, 1904 yilda u kerakli natijaga erishdi va kimyoviy tarkibi uchun patent oldi va uni prokain deb nomladi.

Prokain “novokain” nomi bilan jahon bozoriga chiqdi va og‘riqsizlantiruvchi dorining yangi davrini boshlab berdi. Klinik tadqiqotlarni o‘sha davr farmatsevtik yangiliklarning mashhur sinovchisi, nemis jarrohi Genrix Braun o‘tkazdi. Keyinchalik u o‘zining xotiralarida novokainni qabul qilish dalillarini “Jarrohlikda hal qiluvchi hodisa” deb nomladi.

Eynxorning kashfiyoti uning keyingi hayotiga deyarli ta’sir ko‘rsatmadi. Ilhomlantiruvchi muvaffaqiyat odatdagidan ham ko‘p ishlarga yo‘l ochdi. Yirik farmatsevtika korxonalari Eynxornning sobiq talabalarini ishga olib, novokain ishlab chiqarishni boshladi. U esa laboratoriyasida kechayu-kunduz tinmay ishlardi. 1913 yilda uning yolg‘iz 17 yashar o‘g‘li vafot etganidan keyin g‘am-g‘ussa uni holdan toydirdi, ilmiy faoliyati zohidlikka yuz tutdi. Olimning sog‘lig‘i yomonlashib, 1917 yilda  muvaffaqiyatsiz qilingan ichak operatsiyasidan so‘ng vafot etdi.

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, 1898 yilda olim prokain ustida ishlash chog‘ida bugungi kunda butun dunyoda muvaffaqiyatli qo‘llanilib kelinayotgan yana bir modda sirini ochdi. Kimyoviy reaksiyalarning birida ko‘mir kislotasining polimer efiri – shaffof, shishadan yengil va o‘n baravar kuchli, keyinchalik polikarbonat nomi bilan tanilgan qattiq plastmassani kashf qildi. O‘sha paytda u anestetik dori bilan band bo‘lgani sabab polikarbonat XX asrning o‘rtalarida boshqa mutaxassislar tomonidan patent qilindi.

Qizig‘i, 1976 yilda Isroilda issiqxonalar sirtini qoplashda shisha va akril o‘rnini bosuvchi materialni tanlash zaruriyati tug‘ilganda ushbu moddaning noaniqligiga chek qo‘yildi va birinchi mumtarak polikarbonat varaqasi yaratildi.

Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.