“Jartepa” chegara bojxona postiga parlament deputatlari nega keldi?
Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi muhokama qilinmoqda.
Parlament quyi palatasi deputati, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi U.Sulaymonov boshchiligida bir guruh Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari mazkur qonun loyihasini yanada takomillashtirish maqsadida Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi “Jartepa” chegara bojxona posti faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Qayd etish lozimki, “Jartepa” chegara bojxona posti birinchi toifali bojxona posti hisoblanib, ixtisoslashuvi bo‘yicha bojxona chegarasi orqali harakatlanayotgan avtotransport vositalari va ularda tashilayotgan tovarlar, piyoda harakatlanayotgan fuqarolar va ularning qo‘l yuklarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazishga ixtisoslashgan.
Postning kirish va chiqish zallarida fuqarolarni bojxona nazoratidan tez va sifatli o‘tkazish uchun zamonaviy rentgen apparatlari o‘rnatilgan. Bu yerda bir sutkada 2500-3000 nafar yo‘lovchilar va ularga tegishli yuklar, shuningdek, 160-190 ta yengil avtotransport vositalari bojxona nazoratidan o‘tkazilmoqda.
Bojxona postida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirgan deputatlar bojxona sohasida mavjud muammolar bilan qiziqdi.
- Tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish, tadbirkorlik va turizmni jadal rivojlantirish, yurtimiz investitsiya va eksport salohiyatini oshirish hamda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvining shaffofligini ta’minlash bugun dolzarb masala, - deydi parlament quyi palatasi deputati, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi U.Sulaymonov. – Bu tabiiyki, sohaga oid qonunchilikni zamon talablariga moslashtirishni taqozo etadi. Shu bois aynan amaliyotchilar faoliyati bilan bevosita tanishib, qonun normalarining real hayotdagi ijrosi o‘rganilmoqda.
Qonun ijodkorlari yo‘lovchilar hamda bojxona xodimlari bilan suhbatlashib, mavjud qonunchilikni yanada takomillashtirish, bojxona tizimiga oid ayrim me’yoriy hujjatlarni qayta qo‘rib chiqish yuzasidan takliflar olishdi.
Viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati.