“Jartepa” chegara bojxona postida mamlakatimizga psixotrop tabletkalarning kirib kelishi to‘xtatib qolindi
Mazkur chegara bojxona posti tomonidan 2022 yil boshidan bugungi kunga qadar psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq 3 ta holat aniqlangan bo‘lib, 708 dona psixotrop tabletkalarining noqonuniy aylanuviga chek qo‘yilgan.
Misol uchun, mazkur bojxona posti xodimlari tomonidan qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro S.N. “yashil yo‘lak” orqali bojxona nazoratidan o‘tayotganda, uning qo‘l sumkasidan “Somnol” nomli jami 100 dona psixotrop moddaga o‘xshash tabletkalar borligi aniqlangan.
Aniqlanayotgan holatlarda qonuniy javobgarlikka tortilayotgan aksariyat shaxslar hali 30 yoshga kirmagani ma’lum bo‘lmoqda. Ba’zilarning huquqiy savodxonligi yo‘qligi yoki qonun oldidagi javobgarlik mas’uliyatidan umuman bexabarligi ko‘rinib qolmoqda, deyiladi viloyat bojxona boshqarmasining zarnews.uz’ga bergan xabarida.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 246-moddasida kuchli ta’sir qiluvchi va psixotrop moddalar kontrabanda ashyosi sifatida keltirilgan bo‘lsa, ushbu Kodeksning 251-1-moddasida mazkur moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik uchun:
• bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan;
• o‘sha harakatlar takroran yoki bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan;
• ushbu harakatlar uyushgan guruh tomonidan yoki ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan ko‘zda tutilgan.