Jazo muddatini o‘tagan xotin-qizlarning muammolari tinglandi
Jomboy tumanida jazoni ijro etish muassasasidan qaytgan, probatsiya guruhida hisobda turib, jazo muddatini o‘tayotgan, nazorat ostidagi xotin-qizlar ishtirokida “Biz sog‘lom hayot tarafdorimiz” shiori ostidagi ma’naviy ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida xotin-qizlar erta tongdan Samarqand shahridagi ziyoratgohlarga sayohatga olib borildi va viloyatning diqqatga sazovor joylari, yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdilar.
Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari tumandagi Zarafshon milliy bog‘i, hayvonot dunyosi bilan tanishdilar.
Ishtirokchilariga tuman hokimligi va ichki ishlar bo‘limi tomonidan badiiy kitoblar sovg‘a qilindi. Tuman madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirda ishtirok etgan tuman imom xatibi oilada ota-onaning burchi va vazifalari, farzand tarbiyasida amal qilinishi lozim bo‘lgan insoniy fazilatlar xaqida to‘xtalib o‘tdi. Tibbiyot xodimlari tomonidan xotin-qizlarning sog‘ligini tiklash, sog‘lom turmush tarziga amal qilish borasidagi savollarga javob berib, tibbiy maslahatlar berishdi.
Tuman hokimi U. Nazarov tadbir ishtirokchilari bilan suhbat o‘tkazib, ularning muammolarini hal etish yuzasidan mutasaddi mas’ullarga vazifalar belgilab berdi.