Jazosiz qolgan jinoyat yoki yaqin o‘tmishimizning eng qora kunlariga bir nazar
Yolg‘onning oyog‘i oltita emish,
Birini chopsangiz, boshqasi yurar.
Shu bois uzundir umri ham uning
Qabih yurak bilan juftlashib turar.
Moskvaga uchdim. Ittifoq bosh prokuraturasida T.Gdlyan guruhi a’zolarining qonunsiz harakatlari yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha o‘n beshta tergovchi jalb etilgan tergov guruhi boshlig‘i V.Ilyuxinga uchrashdim. U ish bo‘yicha materiallar bilan tanishib, fikr bildirishimni so‘radi.
Jinoyat ishi materiallari yuz jilddan iborat edi. Men Gdlyan guruhi olib borgan biri-biridan chalkash ishlar bilan tanishdim. Ularning noqonuniy, inson sha’nini haqoratlaydigan, nomusga tegadigan tergov harakatlari yurakni o‘rtab yuboradigan darajada qabih edi. Ko‘pchilik o‘z joniga qasd qilgan, ayrim begunoh insonlar qamoq qiynoqlari oqibatida qilmagan ishlari haqida ko‘rsatmalar bergan edi.
Bu faktlarni yig‘ib, so‘roq qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini tuzdim. Sudlar tomonidan ularning noqonuniy harakatlarini tasdiqlovchi ajrimlarni yig‘dim. Dastlabki tergov davomida Gdlyan, Ivanov va boshqa guruh a’zolarining manfur ishlari to‘lig‘icha tasdiqlandi. Guruh tergovchilari gumonlanuvchi tariqasida so‘roq qilinganida aksariyat qismi aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, Gdlyan va Ivanovning buyrug‘iga asosan qonunga xilof tergov harakatlari o‘tkazilganini tasdiqlashdi. So‘roq bayonnomalari tegishli shaxslarni ayblash maqsadida soxtalashtirilgan, guvohlar va gumonlanuvchilarga muntazam ravishda tazyiq o‘tkazilgan. Tergov guruhi a’zolari ana shular haqida to‘liq ko‘rsatma berdi.
Jumladan, jinoyat ishi bo‘yicha Gdlyan guruhida ishlagan R.Pixashvili olib borgan tergov harakatlari davomida jismoniy kuch ishlatib, gumonlanuvchilarga tan jarohati yetkazgan. Bu “xizmatlari” uchun Gdlyan uni Gagra shahar prokurori lavozimiga o‘tishini “ta’minlagan”.
Biz uning noqonuniy harakatlarni rad etib bo‘lmaydigan faktlar bilan tasdiqlanganimizdan keyin lavozimidan bo‘shatilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi. Lekin gruziyalik deputatlar uni kafillikka berishni talab qildi. Tergov harakatlari tugatilgach, R.Pixashvili Gruziya oliy soveti deputatligiga saylandi, keyin qonunchilik komissiyasi raisi bo‘ldi.
Tabiiyki, endi uni javobgarlikka tortish uchun Gruziya oliy sovetidan ruxsat olish talab qilindi, gruzinlarning o‘sha davrdagi parlamenti esa ittifoq prokuraturasiga uni sud qilishga rozilik bermadi. Oqibatda Pixashvili muqarrar jazodan qutulib qoldi...
Gdlyan va Ivanov jinoiy javobgarlikdan qutulish maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali begunoh ekanliklarini, kerak bo‘lsa, jinoyat ishi Kremlga kelib taqalishi mumkinligi, partiyaning eng katta xodimlariga, siyosiy byuro a’zolariga nisbatan materiallar borligi xaqida butun dunyoga jar soldi. Firibgarlik yo‘li bilan ommani o‘ziga qaratib, ittifoq oliy sovetiga deputat bo‘ldi.
Ittifoq bosh prokurorining ularni jinoiy javobgarlikka tortish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish haqidagi taqdimnomalariga javob berilmadi. Oliy sovet ham ularning jinoiy javobgarlikka tortilishi va qamoqqa olinishiga rozilik bermadi. Ana shu tariqa bu qabih insonlar jazodan qutulib qoldi.
O‘sha paytda ittifoq bosh prokurori A.Suxrevning muddati tugab, boshqa ishga o‘tdi. O‘rniga ish boshlagan bosh prokuror esa Gdlyan va Ivanovlarga shaxsan yordam berib, ularning ishini harakatdan tugatdi.
Vaholanki, Gdlyan boshliq guruh tomonidan olib borilgan jinoyat ishi bo‘yicha qishloq xo‘jalik vaziri Usmonov, Buxoro viloyat partiya komiteti birinchi sekretari Karimov, Qashqadaryo viloyati sobiq bosh prokurori, Shahrisabz tumani birinchi sekretari Xoliqovlarga nisbatan jinoiy ishlar oliy sudda ko‘rilib, ularga o‘lim jazosi berilgan. Usmonovga nisbatan chiqarilgan hukm ijro etildi, Karimov va Xoliqovga nisbatan chiqarilgan hukm keyinroq o‘zgartirilib, o‘n besh yil qamoq jazosi bilan almashtirildi.
Gdlyan guruhi tomonidan olib borilgan ishlarda tergov soxtakorligiga yo‘l qo‘yilgani sababli ko‘plab ishlar sudlar tomonidan ko‘shimcha tergov harakatlari o‘tkazish uchun qaytarildi. Qo‘shimcha tergov natijasiga ko‘ra, bir qator jinoyat ishlari harakatdan tugatildi.
Samarqand, Xorazm va Andijon viloyatlarida rahbar bo‘lib ishlagan B.Rahimov, Namangan viloyati rahbari N.Rajabov, Farg‘ona viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbarlari, Navoiy viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i T.Hayitov, O‘zbekiston Oliy soveti raisi O.Salimov va boshqalar ayblanuvidagi jinoyat ishlari tugatildi.
Gdlyanning tergov guruhi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri H.Yahyoyevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, uni qamatishga muvaffaq bo‘lgandi. Qamoqqa olingan Yahyoyev unga nisbatan qo‘llangan qiynoqlar natijasida tergovchilarga ko‘p marta va ko‘p miqdorda pora olganligi xaqida ko‘rsatma berishga majbur bo‘lgan. Tergovchilar uning ko‘rsatmalarini tekshirmasdan ishni sudga oshirgan.
Sudda Yahyoyev hech kimdan pora olmaganligini, bunday ko‘rsatma bersa, har xil qiynoqlarga solinishi mumkinligini bildirgan. Sud tergovi davomida H.Yahyoyevga nisbatan oqlov hukmi e’lon qilindi.
Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi tergov guruhi tomonidan sudga berilib, hukm chiqarilgan barcha jinoyat ishlari mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin Oliy sud tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, harakatdan tugatildi. Ko‘pchilik qismi bo‘yicha oqlov hukmlari e’lon qilindi va ko‘plab mutaxassislar ishga tiklandi. Lekin ularning oilalari, farzandlari yillar davomida qiynaldi, azob-uqubat chekdi.
Masalan, B.Rahimov qamoqqa olingan paytda uning kuyovi R.Qodirov KGBda ishlardi. U ishdan ketmaslik uchun ikki farzandi bilan xotinidan ajrashdi. R.Qodirov keyinchalik o‘n besh yil mobaynida O‘zbekiston Bosh prokurori lavozimida ishladi va yillar davomida ko‘p miqdorda pora olib kelganligi aniqlanib, jinoiy javobgarlikka tortildi. Bunga o‘xshash misollar juda ko‘p...
Umuman, Gdlyan va Ivanovlar tergov guruhining jinoiy va g‘ayriqonuniy harakatlari tufayli ko‘plab rahbarlar, mutaxassis xodimlar o‘z joniga qasd qilish darajasiga yetdi va ular bevaqt hayotdan ko‘z yumdi. Bundan ularning oilalari, farzandlari aziyat chekdi.
Faoliyatim davomida Gdlyan, Ivanov va boshqa jinoiy javobgarlikka tortilmagan tergov guruhi a’zolariga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishi lozimligi, ularni jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha O‘zbekiston Bosh prokurori B.Mustafoyevga bir necha marta taklif kiritgandim.
V.Ilyuxinni shu masala bo‘yicha O‘zbekistonga taklif qildim. U Toshkentga kelganida B.Mustafoyev qabulida bir qarorga kelinib, jinoyatchi tergov guruhini O‘zbekistonga ekstraditsiya qilishga yordam berishini bildirdi. Amalda esa hech qanday natija bo‘lmadi...
Lekin jinoyatga jazo muqarrar. Bu ishni Stokgolmdagi Xalqaro tribunalga berish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.
Ismatilla YO‘LDOShEV.