Jigarga nima davo, nima zarar?

Ye vitamini tanani tamaki tutuni, havo ifloslanishi va radiatsiya natijasida hosil bo‘lgan zararli moddalardan himoya qiladi. Organizmda aynan shu zararli moddalar bilan kurashish jigarning chekiga tushgan. Shu sababli quyidagi mahsulotlardan qanchalik ko‘p foydalanilsa jigar uchun shuncha yaxshi bo‘ladi.

Pomidor tarkibidagi kraxmal jigar uchun nihoyatda zarur. U jigar hujayralarining tiklanishiga yordam beradi.

Arpabodiyonda A, V, Ye, R, S vitaminlari mavjud. Turli tibbiy dori-darmonlar tayyorlanadigan arpabodyon o‘simligi jigar hujayralarining tiklanishida eng samarali mahsulotlardan sanaladi.

Zaytun yog‘i nafaqat foydali, balki organizmga nafas orqali tushgan zararli moddalarni chiqarib yuboruvchi ham.

Qovoq turli parhezlarda tavsiya etiladi. Uni qaynatib, dimlab, iste’mol qilish mumkin. Qovoq hazmi yengil mahsulot bo‘lgani uchun jigarning zo‘riqishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Zanjabil ham organizmni zararli moddalardan tozalab, qon aylanishini yaxshilaydi. U gepatit, gepatoz kabi jigar kasalliklari xavfini kamaytirishi ilmiy isbotlangan.

Quritilgan o‘rik Ye vitaminiga boy. Bu darmondori jigar to‘qimasini tiklash jarayonlarini kuchaytiradi. Ilmiy izlanishlar turshak jigar kasalliklarining oldini olishini ko‘rsatgan. Har kun to‘rt dona turshak yeyishni odat qiling.

Lavlagining jigar uchun qanchalik foydali ekanligini hamma ham bilmaydi. Sabzavot tarkibida oqsilni singdirishga yordam beruvchi betain moddasi mavjud. Betain, shuningdek, qon bosimini pasaytiradi, ateroskleroz rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi va yog‘li jigarning oldini oladi. Lavlagi iste’moli xom, pishirilgan yoki qaynatilgan holda birdek foydali.

Xom yoki dimlab pishirilgan olma jigarni tozalash xususiyatiga ega. Olmadagi pektin moddasi ichak va jigarda to‘plangan toksinlarni bartaraf etish bilan jigar ishini yengillashtiradi.

Tezpishar yarimtayyor taomlar, spirtli ichimliklar, shirin va yog‘li ovqatlarning jigarga zararini ko‘pchilik bilar, ammo shovul (otquloq) va klyukvaning jigar kasalliklarida organizmga zarar yetkazishidan xabaringiz bormi? Jigari salomatligiga ozgina bo‘lsa ham gumoni borlar shu va shunga turdosh mahsulotlar iste’molidan saqlanganlari ma’qul. Shuningdek, sog‘lom jigar uchun ushbu mahsulotlar iste’moli tavsiya etilmaydi:

- juda yog‘li taomlar;
- fast-fud;
- qandolat mahsulotlari va shirinliklar;
- dudlangan go‘sht;
- otquloq (shovul), yangi uzilgan klyukva;
- marinadlar va konservalar;
- achchiq va turli xil ziravorlar;
- shirin gazlangan ichimliklar;
- spirtli ichimliklar.
- haddan ziyod dori-darmonlar.

Dilora Xoliqova tayyorladi.