Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida «Hizb ut-tahrir» a’zolarining jinoiy faoliyatiga chek quyildi
Bugun, 16 oktyabr kuni Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida istiqomat qiluvchi, O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati ta’qiqlangan «Xizb ut-taxrir» diniy-ekstremistik tashkilotining bir guruh a’zolari jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Mavjud ma’ulomotlarga ko‘ra, ushbu shaxslarning aksariyati muqaddam «Xizb ut-taxrir» diniy-ekstremistik tashkilotiga a’zo bo‘lganliklari uchun jazo muddatini o‘tab chiqqan bo‘lib, mamlakatimiz hukumati tomonidan ularga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy, huquqiy va ma’naviy ko‘makka qaramasdan jinoiy til biriktirib aholi orasida noqonuniy targ‘ibot olib borib, «Xizb ut-taxrir» DET g‘oyalarini tarqatganlar hamda shu yo‘l bilan saflarini kengaytirishga qaratilgan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarni sodir etgan. Shuningdek, ular ekstremistik g‘oyalaridan voz kechgan, muqaddam jazo muddatini o‘tab chiqqan hamyurtlarimizni ham qayta jinoyat sodir etish yo‘liga chorlagan.
Hibsga olingan shaxslarning yashash manzillarida ekstremistik mazmundagi adabiyotlar mavjudligi aniqlangan va ular protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun, «Xizb ut-taxrir» diniy ekstremistik tashkiloti 1953 yilda Falastin davlatida Taqiyuddin Nabixoniy tomonidan asos solingan bo‘lib, maqsadi dastlab musulmon mamlakatlarida, keyinchalik esa butun dunyoda yagona Xalifalik davlatini o‘rnatishdan iborat.
Bugungi kunda ushbu tashkilotning faoliyati Rossiya Federatsiyasi, Germaniya, Xitoy Xalq Respublikasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalari va yana bir qator mamlakatlar hududida ta’qiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan «Xizb ut-taxrir» diniy ekstremistik tashkiloti faoliyati O‘zbekiston Respublikasi hududida ta’qiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Shuningdek, fuqarolarni, ayniqsa, yoshlarni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da’vatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklari, saqlamasliklari va tarqatmasliklari so‘ralgan.