Jinoyat ishlari bo‘yicha Toyloq tumani sudi raisi “Ibratli sudya” bo‘ldi
Nizoli taraflarning sud tizimidan bittagina talabi bor: adolat! Shuning uchun adolat tushunchasi makon va zamon tanlamaydigan eng oliy mezondir.
Shu mezonda sudya qanchalik muvaffaqiyatga erishishi uning bilimi, tajribasi, o‘z ustida ishlashi, qolaversa, halolligiga bog‘liq.
Mamlakatimizda ko‘plab sud-huquq islohotlari qatori o‘z kasbiga sadoqatli, tajribali sudyalar mehnatini e’tirof etish orqali odil sudlovga erishish borasida katta ishlar qilinmoqda. Prezidentimizning 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni bilan sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida «Ibratli sudya» mukofotini, odil sudlovni amalga oshirishda uzoq yillar davomida samarali mehnat qilib, nafaqaga chiqqan sudyalar uchun “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni joriy etildi.
Mazkur farmon ijrosidan kelib chiqib, Sudyalar oliy kengashi tomonidan “Sudyalar faoliyatini baholash bo‘yicha elektron reyting tizimi» yaratildi. Unga ko‘ra, eng yaxshi deb topilgan sudyalar yil yakunida “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlanishi ko‘rsatilgan. Mukofotga nomzodlarni saralash natijalaridan kelib chiqib, respublikamiz sud tizimida faoliyat yuritayotgan 16 nafar sudya “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlandi. Sudyalar oliy kengashi tomonidan onlayn shaklda o‘tkazilgan marosimda ular tantanali ravishda taqdirlandi.
Quvonarlisi, taqdirlanganlar orasida jinoyat ishlari bo‘yicha Toyloq tumani sudi raisi Marat Ergashev ham bor. Uning ushbu mukofotga loyiq ekanligi haqida tantanali marosimda Sudyalar oliy kengashi a’zolari va Samarqand viloyat sudi raisi alohida e’tirof etdi.
Otabek Qodirov,
viloyat sudi bosh konsultanti.