Tabiatdagi “zahar”lar: Ularni kim yuzaga keltiryapti?

Kislorodni qayerdan olamiz?

Ichimlik suvimiz ko‘pmi?

O‘smir tanasidagi qo‘rg‘oshin...

Bir tasavvur qiling. Quyoshli kunda gulzorda barq urib turgan gullar, endigina ochilmoqqa chog‘lanayotgan g‘unchalar to‘satdan kuchli jala ostida qolsa, qay ahvolga tushadi? Changli shamol yam-yashil maysazorga yopirilganda-chi? Qum bo‘roni kutilmaganda dov-daraxtlar barglari ustiga to‘kilsa, bu baloi ofat ularning tabiiy holatiga zarar yetkazmasmikin? Oftob nuri va musaffo havo bo‘lmagan joyda giyohlar yashnab o‘sarmidi, yo‘q, albatta! Zaharli oqava suvlarning daryo va ko‘llardagi baliqlarga qiron keltirayotganini esa qayta-qayta eshityapmiz.

Tabiiyki, har bitta o‘simlik va jonivorning hayot davomiyligi uchun o‘z vazifasi bor. Lekin ularning barchasi noqulay sharoitda ozor chekadi, qurib-qovjiraydi, yashovchanlik qobiliyatini yo‘qotishi, hatto nobud bo‘lishi mumkin. Odam ham shunday. Uning ko‘p yillar sog‘-salomat yashab, uzoq umr ko‘rishi uchun toza suv, qulay muhit va sof havo kerak.

Kislorodni qayerdan olamiz?

Insoniyat taraqqiyotida eng uzoq davom etgan davr - tosh asrida kishilar tabiatga juda yaqin bo‘lgan. Ajdodlarimiz suv, o‘simliklar va tuproqni muqaddas hisoblashgan.

Tabiatga mehr-shafqat va oqilona muomalada bo‘lishning o‘ziga xos tartib-qoidalari uch ming yil avvalgi “Avesto”da ham qayd etilgan. Ya’ni, yerni ifloslantirib, unga ziyon yetkazgan yoki o‘simliklarni payhon qilgan odamlarga maxsus jazo turlari belgilangan. Bolalar juda kichikligidanoq daraxt ko‘chati o‘tqazish, yerga don qadash va nihollarni sug‘orish ishlariga o‘rgatib borilgan.

Ona zaminni bor holicha asrash zarurligi azal-azaldan yoshu qariga farz qilingan. Lekin davrlar o‘tib, bu qoida buzildi, uzoq yillar davomida atrof-muhitga qilingan qo‘pol munosabat tufayli endilikda ekologik ahvol butkul izdan chiqib bormoqda. Havo, suv, tuproqning ifloslanishi sababli aholi o‘rtasida turli kasalliklar kelib chiqayotgani ham sir emas. Shunday bir vaqtda o‘zimizni muhofaza qilish choralari bormikin?

Rivojlangan davlatlarda tabiatga to‘g‘ri munosabatda bo‘lish allaqachon qonunlashtirib qo‘yilgan. Masalan, chet elda kimdir chekayotgan sigaretini yo‘l chetiga uloqtirsa, qattiq ogohlantiriladi. Sababi, hali o‘chmagan sigaretdagi tutun havoga tarqalib, uni ma’lum miqdorda zaharlashi mumkin. Yana kimdir qo‘lida g‘ijimlangan qog‘ozni yerga tashlaganini ko‘rgan kishi borki, bu ishi xato ekanini unga tushuntiradi. Birorta ko‘p yillik o‘simlikni tag-tomiri bilan yulib olganlar ham katta jarimaga tortiladi.

Milliy boyligimiz bo‘lgan dorivor giyohlarni o‘z bilganicha yig‘ib, bozorda pullayotganlarga bizda hech qanday chora ko‘rilmaydi.

Tog‘ yonbag‘irlarida o‘sayotgan to‘rt yarim ming turdagi o‘simliklarning 1150 turi shifobaxsh xususiyatga ega ekanligi olimlarimiz tomonidan aniqlangan. Aslida bunday dorivor giyohlarning genofondini saqlab qolish choralarini belgilash va ular kelgusi avlodlar salomatligi uchun ham zarur bo‘lishi haqida jiddiy o‘ylab ko‘rilishi kerak. Lekin olimlar yon-atrofimizdagi tabiiy go‘zalliklarga putur yetkazilayotganligi oqibatida endilikda 344 ming turdagi o‘simlik va 5200 turdagi jonzotlar soni hademay juda kamayib, o‘ta noyob bo‘lib qolishi mumkinligini qayta-qayta aytishmoqda.

Yana bir holatga e’tiborni qaratishimiz lozim. Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, katta ko‘chalar bo‘ylab g‘ir-g‘ir qatnayotgan transport vositalaridan chiqayotgan gaz tarkibida uglevodorodlar, qo‘rg‘oshin, azot oksidi va is gazi mavjud.

Atigi bitta avtomobil har yili atmosfera havosidan anchagina miqdorda shifobaxsh oksigenni “yutib”, dudburoni orqali 500 kilogramm karbonat angidrid va is gazlari, 40 kilogramm azot oksidi, 200 kilogramm har xil birikmaga ega karbonsuvlarni havoga ajratib chiqararkan. Shu kabi noxush holatlar tufayli havoning tiniqligi 25-30 foizgacha kamayadi. Havoda musbat (foydali) ionlar ozayib, manfiy (zararli) ionlar ko‘payadi.

Bundan tashqari, havoga tarqalayotgan chang zarralari biz uchun foydali hisoblangan ultrabinafsha nurlarining ko‘p qismini o‘ziga singdiradi va ularning yerga tushishiga to‘sqinlik qiladi. Aniqrog‘i, havoda tutun, qurum va turli xil changlarning qalinlashishi natijasida quyoshdan kelayotgan ultrabinafsha nurlarining yo‘li to‘silib, insonda foydali oftob nuriga tanqislik seziladi. Bu esa organizmning kasalliklarga qarshilik ko‘rsatish qobiliyatini pasaytiradi, oqibatda yuqumli dardlarga moyillik ortadi.

Yon-atrofimizda bizga beminnat xizmat qilayotgan kislorod manbai bo‘lmaganida edi, insoniyat allaqachon muqarrar xavf girdobiga tushib qolardi. Bunday kislorod manbai – hayot uchun bebaho oksigen ishlab chiqaruvchi yashil olamdir.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, bir gektardagi qarag‘ay havodagi karbonat angidridning yuz foizini o‘ziga shimadi, yil davomida 30 tonna changni havodan “tutib” qoladi.

Aholi yashash hududlarida daraxtzorlarni ko‘paytirish zarur, chunki ular quyoshli kunlarda 300 kilogramga yaqin karbonad angidrid gazini yutadi va shuncha miqdorda shifobaxsh oksigen gazini ajratadi, bu esa bizning toza havodan nafas olishimizni ta’minlaydi, deyishadi mutaxassis olimlar.

Daraxtlarni doimiy tarzda parvarishlasak, turli xillarini ekib-ko‘paytirsak, bu yumushga farzandlarimizni ham jalb etsak, qanchalar soz bo‘lardi.

Ichimlik suvimiz juda oz...

Bir necha yil avval teleekranda kichik bir lavha namoyish qilinardi. Unda o‘qituvchi sinfga kirib, shisha to‘la suvni bolalarga ko‘rsatadi va shunday deydi:

- Buni qarang, aytaylik, kurai zaminda shuncha miqdorda suv bor, agar buni beshta bo‘lakka bo‘lsak, uning to‘rtdan bir qismi ichishga yaroqlidir.

O‘quvchilar hayratlanishadi:

"Nahotki biz ichadigan suv shu qadar kam bo‘lsa?!"

Tasavvur qiling. Inson kimsasiz qaqroq dashtda adashib qolsa-yu, so‘ng tashnalik tufayli holdan toyib hushini yo‘qotsa. Shunday vaqtda faqat og‘izga tomizilgan bir tomchi suvgina uni hayotga qaytara oladi. Suv shunchalik qadrli, aziz!

Tirikligimiz asosi bo‘lmish suvga nisbatan munosabatimiz hamon yomonligicha qolmoqda. Yer yuzining 70,8 foizi suvdan iborat ekanini hammamiz bilamiz. Biroq shu suvning asosiy qismi sho‘r, juda oz qismi chuchuk, xolos.

Tarixdan ma’lumki, ayrim mamlakatlarda turli kasallik epidemiyalari tarqalishiga suvning yuqumli infeksiyalar bilan ifloslanishi sabab bo‘lgan. Abu Ali ibn Sino ham asarlarida suv haqida to‘xtalib, qo‘rg‘oshinli quvurlardan oqqan suvning salomatlik uchun xavfli ekanini ta’kidlagan. Bugungi kun mutaxassislarining aytishlaricha, suv tarkibidagi o‘zgarishlar yurak va qon-tomir xastaliklarini keltirib chiqarishi kuzatilgan.

Yon-atrofimizga qarasak, ba’zan ichishga yaroqli suvning ko‘plab isrof bo‘layotganini ko‘ramiz. Ayniqsa, shahar sharoitida (hatto ko‘plab qishloqlarda ham) tomorqa ekinlarini ichimlik suvi bilan sug‘orish hollari uchraydi. Jo‘mragi buzilib, tomchilayotgan suvni ko‘rib indamasak, muammoni hal etish chorasini ko‘rmasak, qisqa muddat ichida anchagina suv isrof bo‘lishi tayin.

Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, inson salomatligiga salbiy ta’sir etayotgan omillarning 30 foizi suv tarkibining buzilishiga to‘g‘ri kelarkan. Demak, har bir kishi ichimlik suvidan tejab-tergab foydalanish xususida o‘ylab ko‘rishi zarur. Vaholanki, bu borada hukumatning bir qancha qarorlarida ham o‘ta muhim vazifalar belgilab berilgan.

Suvni aql bilan ishlatsak va behuda isrof qilmasak, faqat o‘zimizni emas, balki kelgusi avlodlar kelajagini ham qadrlagan bo‘lamiz. Tip-tiniq suvlar mo‘l-ko‘l oqib tursa, rizq-ro‘zimiz oshadi, uylarimizga baraka kiradi, dardlar chekinadi.

O‘smir tanasidagi qo‘rg‘oshin

(biz endilikda nimalar qilishimiz kerak?)

Bolalarning nafas olish a’zolari kasalliklari bilan havodagi zaharli moddalar o‘rtasida bevosita bog‘liqlik mavjud. Davolash qiyin kechadigan allergik va toksikoallergik xastaliklarining yoshlar orasida ko‘payayotganligiga ham havoning zararli moddalar bilan zaharlanganligi sababchidir.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumot berishicha, atmosferani ifloslantirayotgan toksik moddalar har yili dunyo bo‘yicha 5 milliondan ortiqroq bolalar hayotiga zomin bo‘lyapti. Tuproqda og‘ir metallarning ruxsat etilgan me’yordagidan ortiq to‘planishi natijasida o‘smir bolalarda yurakning tez urishi, bosh og‘rig‘i, qon bosimi ortishi kuzatilayotgan ekan. Bunday yoshdagi bolalar iligida hatto qo‘rg‘oshin moddasi borligi aniqlanibdi.

Ekologik muhit uchun katta ahamiyatga ega hisoblangan ozon qatlamining tobora yupqalashayotgani ham tarkibida ftor va xlor bo‘lgan organik moddalarning atmosferaga ko‘tarilayotgani oqibatidir, deydi olimlarimizdan biri.

Borliqning fusunkorligi kishining ko‘zlarini yashnatib, ko‘nglini yayratadi, vujudiga kuch-quvvat ato etib, salomatligini mustahkamlashi asl haqiqat. Dunyoga tanilgan adib Rauf Denktash ham o‘z asarida “Kundalik tashvishlardan horigan kezlaringizda atrof go‘zalliklaridan bahramand bo‘ling, siz yastanib yotgan yashillik olamiga to‘yib boqsangiz, ruhingiz orom oladi, jismingiz dardlardan xoli bo‘ladi, hayotning beqiyos chiroyi va zavq-shavqini his etasiz...”, deya yozadi.

Bizni so‘lim va bahavo maskanlar doimo o‘ziga jalb etaveradi. Ammo tabiat bag‘rida yayrab hordiq chiqarish bilan birga shunday jozibador hududlarni asrab-avaylash ham zarurligini unutamiz. Aslida tabiatga noto‘g‘ri munosabat, tabiiy boyliklarimizga e’tiborsizlik tufayli har joyda chiqindilar ko‘payib, biosferaning ifloslanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, kishilar ongiga ekologik madaniyat tushunchasini har qachongidan ko‘ra chuqurroq singdirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri bo‘lib qolishi lozim.

Atrof-muhit holatining inson salomatligiga ta’sirini o‘rgangan mutaxassis olimlar ta’kidlashicha, bemorlar yashayotgan hudud havosining yaxshilanishi, toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi yoki bu joylarning ko‘klamzorlashtirilishi bevosita davolanish jarayonining kuchayishiga hamda tez fursatda sog‘ayishga sezilarli ta’sir qilar ekan. Bundan ko‘rinadiki, sog‘lom hayot hovli-joylarni ozoda saqlashdan boshlanadi.

Uy atrofidan chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilishi zarur. Aks holda turib qolgan oshxona chiqindilarida kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblar tobora ko‘payaveradi va inson organizmiga katta zarar yetkazadi. Negaki, chiqindilar biz nafas olib turgan havoni zararlaydi. Chiqindi uyumi bor joyda chivin va pashshalar urchib, ko‘payadi. Pashshalar poliomiyelit va botkin kasalligi (virusli gepatit)ning va boshqa juda ko‘p yuqumli xastaliklarning tarqalishiga sababchi bo‘ladi.

Shifokorlarning fikricha, ko‘cha va yo‘laklarda uzoq qolib ketgan chiqindilarda qorin tifi, paratif (zaharlanish), tuberkulyoz va bir qancha yuqumli xastaliklarni keltirib chiqaradigan mikroorganizmlar uzoq vaqt saqlanar ekan.

O‘g‘il-qizlarni ekologik jihatdan bilimli qilib tarbiyalashga nafaqat ota-onalar, balki pedagog va tarbiyachilar ham o‘zlarini mas’ul deb bilsalar yaxshi bo‘lardi. Negaki, ekologik tarbiyani, avvalo, oiladan, bolalarning bog‘cha yoshidan boshlash to‘g‘riroq. Maktabgacha tarbiya muassasalarida olib boriladigan turli tadbirlar jarayonida bolalar ongida ekologik madaniyatni shakllantirish, shuningdek, ular qalbida o‘zi yashayotgan joyga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga mehr uyg‘otish lozim. Shundagina yoshlarimizning yon-atrof orastaligiga e’tibori kuchayadi, borliqni asrab-avaylashdek ezgu maqsadlar yo‘lida harakat boshlaydi. Asosiysi, ona tabiat oldidagi insoniylik burchimizni har birimiz yurakdan anglaganimiz ma’qul. Shundagina kelajagimizga xavf solayotgan ekologik zararli omillarning oz bo‘lsa-da oldi olinishi shubhasiz.

 Gulchehra Jamilova,

 O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.