Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi 18 million so‘m to‘laydi

Bu haqda fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining tegishli hujjati bor.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining viloyat boshqarmasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassisi B.F. ustama to‘lovlarini to‘lab berish yuzasidan bir necha bor muassasa hisobchilari bilan bahslashgan. Biroq bu masala adliya idoralari aralashuviga qadar ijobiy yechim topmagan.

Viloyat adliya boshqarmasiga murojaatni o‘rganishda to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘ining 2024 yil 5 yanvardagi 5-ShT-sonli buyrug‘iga asosan B.Fayzullayev boshqarmaning axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassisi lavozimiga o‘tkazilgan.

Prezidentimizning 2018 yil 19 fevraldagi «Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan davlat organlari va boshqa byudjet tashkilotlarining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy etish va rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan xodimlarga beriladigan har oylik ustama miqdori davlat byudjetidan ajratilmagan bo‘lsa, ushbu tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan xodim lavozim maoshidan 100 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanishi ko‘rsatilgan.

Fuqaro B.F.ning ish haqi hujjatlaridan 2024 yil yanvar-sentyabr oylari uchun lavozim maoshining 100 foizidan kelib chiqib hisoblanganda 18 million 439 ming 909 so‘m har oylik ustama pullari to‘lab berilmaganligi aniqlandi.

Bayon etilganlarga ko‘ra, viloyat adliya boshqarmasi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da’vo arizasi kiritilib, mazkur sudning tegishli qarori bilan viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hisobidan fuqaro B.F.ga to‘lanmagan 18 million 439 ming 909 so‘m har oylik ustama pullari to‘lanishi ta’minlandi.

Akmal Jovliyev,

viloyat adliya boshqarmasi inson huquqlarini himoya qilish shu’basi boshlig‘i.