Chiqindi uchun to‘lov miqdori nega oshirildi?
Jahonda chiqindi muammosi o‘ta dolzarb masalalardan biriga aylandi. Maishiy va sanoat chiqindilarining ortib borayotgani ekologik barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, hozirgi kunda chiqindilarning 900 dan ziyod turi qayd etilgan bo‘lib, ularning hajmi yiliga 3-4 foizga ko‘paymoqda.
Yillar davomida chiqindilar noto‘g‘ri boshqarilganligi sababli tabiiy resurslarning o‘zgarishiga va turli tabiat hodisalari sodir bo‘lishiga olib kelyapti.
Chiqindining 80 foizini organik moddalar tashkil qiladi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi uning 85 foizini qayta ishlash mumkinligini ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, hozircha faqat 40 foizidan foydali mahsulotlar olinmoqda.
Yurtimizda, xususan, viloyatimizda ham maishiy chiqindilardan oqilona foydalanish bo‘yicha qator ishlar olib borilmoqda. Davlat byudjeti va xorijiy investitsiya mablag‘lari hisobiga chiqindi tashish korxonalarini modernizatsiyalash ishlari olib borilayotganiga qaramasdan hanuz chiqindi qutilari, chiqindixona va ularni qayta ishlovchi maxsus korxonalar yetishmaydi.
Hozirgi kunda chiqindi tashish ekologiya va atrof-muhit muhofazasi viloyat boshqarmasi qoshidagi «Toza hudud» DUK, Samarqand shahrida «Maroqand Obod» DUK, shuningdek, obodonlashtirish boshqarmalari va xususiy korxonalar tomonidan amalga oshirib kelinmoqda. Ammo chiqindilar o‘z vaqtida olib chiqib ketilmasligi sababli noqonuniy chiqindixonalar ko‘payib boryapti.
- Chiqindi tashishdagi duch kelinayotgan muammolarning asosiy sababi 3 yildan buyon tashib ketish xizmati bo‘yicha tariflar oshirilmay kelinayotganligida, - deydi viloyat ekologiya va atrof-muhit muhofazasi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Umid Munavvarov. - Viloyatimizda tariflar so‘nggi bor 2021 yilning noyabr oyida o‘zgartirilgan bo‘lib, aholi uchun bir kishiga 2900-3400 so‘m, yuridik shaxslarga 1 metr kub uchun 44700 so‘m (QQSsiz) miqdorida belgilangan edi.
O‘tgan davr mobaynida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori to‘rt marotaba oshirilishi natijasida, sanitar tozalash korxonalarining ishchi-xodimlarga to‘layotgan ish haqi xarajatlari o‘rtacha 2 baravarga yonilg‘i-moylash mahsulotlari, jumladan, siqilgan gaz 3,5 baravarga (800 so‘mdan 2800 so‘mga) benzin 1,3 baravarga (A-80 - 4500 so‘mdan 6000 so‘mga), dizel yoqilg‘isi 2,2 baravarga (5700 so‘mdan 12500 so‘mga) ortgan. Texnika vositalarini ehtiyot qismlar bilan ta’minlash uchun sarflanadigan xarajatlar ham 2 baravar oshdi. Amaldagi tariflarning pastligi korxonalarning moliyaviy barqaror faoliyat yuritishiga, hududlarda ekologik vaziyatini yaxshilash, tozalikni ta’minlash bo‘yicha infratuzilma ob’yektlarini qurish va jihozlashga, maxsus avtotransport vositalarining soz holatda va uzluksiz ishlashini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, korxonalar ishchi-xodimlari ish haqidan ham qarzdorliklar yuzaga kelgan. Bunday holatlarning davom etishi sanitar tozalash korxonalarining bankrotlikka uchrashi va bir necha ming ishchi-xodimlarning ishsiz qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Maishiy chiqindilar bilan ishlash sohasida viloyat bo‘yicha 4 ta davlat-xususiy sheriklik bitimlari imzolangan. Mazkur bitimlarga asosan, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan 53,9 milliard so‘m investitsiya mablag‘lari hisobiga 45 ta maxsus texnika va 410 ta chiqindi konteyneri xarid qilish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 40 ta chiqindi yig‘ish maydonchasi, 19 ta qayta yuklash, qayta ishlash va saralash zavodi qurish belgilangan. Amaldagi tarif miqdorlari esa bu loyihalarni amalga oshirishga imkon bermaydi. Ana shularni hisobga olib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan barcha viloyatlarga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun to‘lov tariflarini qayta ko‘rib chiqish topshirig‘i berilgan.
- To‘rt yildan buyon Fransiya Taraqqiyot agentligi moliyaviy ko‘magi bilan “Samarqand shahridagi qattiq maishiy chiqindilarini boshqarishni modernizatsiyalash« loyihasini amalga oshirib kelyapmiz, - deydi "Maroqand Obod" DUK direktori Rasul To‘lqinov. – Korxonamiz Samarqand shahri va tumanida aholining maishiy chiqindilarini to‘plash va olib chiqish xizmatini ko‘rsatmoqda. Biroq bugungi kunda amalda bo‘lib turgan 1 kishi uchun 3400 so‘m, byudjet va ulgurji tashkilotlar uchun esa 1 metr kub uchun 58651 so‘m to‘lovlar ketgan xarajatlarni qoplamayapti. Shuning uchun ham maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmati narxi aholi uchun 1 kishiga 1 oyda 4154 so‘mdan 5365 so‘mgacha, byudjet va ulgurji tashkilotlar uchun 1 metr kub uchun 69686 so‘mdan 92830 so‘mgacha bo‘lishini taklif qilganmiz.
Viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi mutaxassislari tomonidan viloyat hududida xizmat ko‘rsatuvchi 8 ta korxonaning faoliyati o‘rganilib, barcha shahar va tumanlar uchun kelgusida qo‘llaniladigan narxlar (tariflar) belgilandi. Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmat narxi aholi uchun Samarqand shahri va tumanida 1 kishiga 1 oyda 5000 so‘m, byudjet va ulgurji tashkilotlar uchun 1 m3 uchun 90 000 so‘mni, Kattaqo‘rg‘on shahri va boshqa tumanlarda 1 kishiga 1 oyda 4129 so‘m, byudjet va ulgurji tashkilotlar uchun 1 metr kub uchun 59693 so‘m bo‘lishi mumkinligi tavsiya qilindi.
Aholining ekologik madaniyati sohada amalga oshirilayotgan ishlar barobarida ham shakllanadi. Yaqin atrofda konfet, muzqaymoq qog‘ozi, pista po‘chog‘i, sigareta qoldiqlarini tashlash uchun quti bo‘lmagach, ularni yo‘lak chetiga yoxud ariq ichiga uloqtirish juda oson. Buning oldini olish uchun esa chiqindi qutilarini o‘rnatish bilan birgalikda keng ko‘lamda tushuntirish ishlari olib borilishi lozim.
Dilmurod TO‘XTAYeV.