Veterinariya va chorvachilik sohasida malaka oshirish instituti ochildi

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti huzuridagi Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi negizida Veterinariya va chorvachilik sohasida pedagog hamda mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti tashkil etildi.

Respublika Prezidentining 2024 yil 4 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi hamda veterinariya va chorvachilik sohalari kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ochilgan mazkur institutda 2025 yildan boshlab veterinariya va chorvachilik sohasida faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar va ilmiy xodimlari hamda ushbu sohada faoliyat yuritayotgan professional ta’lim muassasalari pedagog xodimlari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Shuningdek, dars mashg‘ulotlariga nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining malakali hamda tajribali professor-o‘qituvchilari, yetuk mutaxassis va maslahatchilari jalb etiladi.
Shu vaqtgacha faoliyat ko‘rsatib kelgan markazlarda yiliga 800 nafarga yaqin pedagog va mutaxassislar malaka oshirish kurslarida qatnashgan bo‘lsa, endilikda bu ko‘rsatkich ikki barobarga oshiriladi.

Bugungi kunda jahon hamjamiyatini qiynab kelayotgan eng katta muammolardan biri bu shubhasiz, oziq-ovqat muammosidir. Xalqimiz dasturxonini chorvachilikdan olinadigan mahsulotlar bilan to‘ldirib borishda ushbu soha vakillarining o‘rni beqiyos. Shu nuqtai nazardan, ushbu sohada kasbiy faoliyatini davom ettirayotgan barcha mutaxassislarning malakasini uzluksiz ravishda oshirib borish bugungi kunda birinchi galdagi vazifa hisoblanadi.

R.Pardayev,
ushbu institut direktori.