Jinoyat protsessida shaxsning himoya huquqi kengaytiriladi

Amaldagi jinoyat-protsessual qonunchiligida ham “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunda ham tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar tomonidan muayyan jinoyat ishi yuzasidan qanday prosessual harakatlarni amalga oshirish mumkinligi to‘g‘risida hech qanday tartib belgilanmagan. Ushbu faoliyat surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning topshirig‘i bilan, shuningdek “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra amalga oshirib kelinmoqda.

Bundan tashqari, qonunchilikda tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar xodimlari tomonidan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchidan ariza, tushuntirish yoki ko‘rsatuvlar olish jarayonida himoyachining ishtiroki to‘g‘risida norma yo‘q.

Prezidentimizning joriy yil 10 avgustda qabul qilingan “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar xodimlari tomonidan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchidan ariza, tushuntirish yoki ko‘rsatuvlar olishni mazkur jinoyat ishi yurituvida bo‘lgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudyaning yozma ruxsatiga asosan va faqat himoyachi ishtirokida amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Jinoyat protsessual kodeksining 226-moddasiga muvofiq, jinoyat sodir etishda gumon qilinuvchini ushlab turish muddati u ushlangan vaqtdan emas balki, huquqni muhofaza qiluvchi organga olib kelingan vaqtdan hisoblanayotganligi bois jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsni ushlab turish muddatini u haqiqatda ushlangan vaqtdan boshlab hisoblashni ko‘zda tutuvchi norma kiritish belgilandi.

Bundan tashqari, protsessual qonunchilikda ushlab turilgan shaxsga himoyachi bilan birinchi xoli uchrashuvga birinchi so‘roqqacha ruxsat berilishi belgilangan. Biroq mazkur norma ushlangan shaxsga nisbatan protsessual harakatlarni amalga oshirishdan oldin himoyachi bilan xoli uchrashishi shartligini ko‘rsatmaydi.

Shu sababli farmonda shaxs amalda ushlangan yoki uni jinoyat ustida ushlash bilan bog‘liq tezkor tadbir amalda yakunlangan yoxud gumon qilinuvchi, deb e’tirof etilganligi haqidagi qaror unga ma’lum qilingan paytdan boshlab u bilan bog‘liq protsessual harakatlarni o‘tkazishdan oldin advokat bilan xoli uchrashishi ta’minlanishi shartligini belgilash ko‘zda tutilgan.

Farmon bilan yana bir shunday tartibni o‘rnatish nazarda tutilyaptiki, bunda shaxsning huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, protsessual harakatlarning sifatini oshirish, jinoyat protsessida dalillarni to‘plash va mustahkamlash, ularga baho berish tizimini ilg‘or xorijiy tajribada keng qo‘llaniladigan isbotlash standartlari inobatga olinganligini ko‘rish mumkin.

Xususan, jinoyat ishini sudga qadar yuritish bosqichida guvoh va jabrlanuvchini og‘ir kasalligi yoki uzoq muddatga chet davlatga chiqib ketish zarurati tufayli kechroq so‘roq qilish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, ularning ko‘rsatuvlarini gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, prokuror yoki advokatning iltimosnomasiga ko‘ra sud tomonidan taraflarning ishtirokida oldindan mustahkamlab qo‘yish tartibini joriy qilish nazarda tutilgan.

Jinoyat protsessual kodeksining 51-moddasida himoyachi ishtirok etishi shart bo‘lgan holatlar belgilangan bo‘lsa, 243-moddasida qamoqqa olish yoki uy qamog‘ini qo‘llash jarayonida himoyachining ishtiroki tavsiyaviy xarakterga ega ekanligini ko‘rish mumkin.

Davlatimiz rahbarining farmoni bilan himoyachi ishtirok etishi shart bo‘lgan holatlar ko‘payib, o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarga oid ishlar bo‘yicha, shuningdek, shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilayotganda himoyachining ishtirok etishi shartligini belgilash ko‘zda tutilgan.

Uchqun SAMANDAROV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy

viloyati sudi katta mutaxassisi.