Jinoyatning sabab va oqibatlarini batafsil o‘rganmay turib, sud-tergov tizimini rivojlantirib bo‘lmaydi

Keyingi yillarda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar inson manfaatlari, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi uchun xizmat qilmoqda.

Mazkur jarayonlarga davlat rivojlanishining ustuvor yo‘nalishi sifatida sud-tergov tizimining ham qamrab olinishi sohaning xalq hayotiga nisbatan keng miqyosda tatbiq etilishiga zamin yaratmoqda.  

Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish, sudlar va boshqa idoralar o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yaxshilash, shuningdek, Prezidentimizning 2020 yil 24 iyuldagi "Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni tizimdagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.

Jumladan, jinoiy harakatlarning kelib chiqish sabablari, uni sodir etgan shaxs yoki shaxslar o‘rtasida turli xil nizo va kelishmovchiliklarning oldini olish maqsadida sud sohasida «Elektron jinoiy-huquqiy statistika» yagona axborot ariza, xabar va boshqa ma’lumotlar yagona elektron hisobiga o‘tilishi sud va sudlanuvchilar o‘rtasidagi aloqalarning shaffofligiga sharoit yaratadi.

Bundan tashqari, farmonda sud-tergov tizimida shaxsning huquq va erkinliklarini ta’minlash yuzasidan ham bir qator loyihalarni amalga oshirsh nazarda tutilgan. Dunyo tajribasidan ayonki, jinoyatning sabab va oqibatlarini batafsil o‘rganmay turib, gumonlanuvchi shaxsga, avvalo, inson sifatida qarash, tergov jarayonlarini ham shu asosda olib borish, lozim bo‘lsa, jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlar, nogironligi bor shaxslar hamda nafaqa yoshidagi kishilarning ruhiy va jismoniy holatidan kelib chiqib, ularga nisbatan insoniy tamoyillar asosida odilona sud hukmini chiqarish bugungi sud-huquq tizimining kelgusidagi islohotlari o‘laroq maydonga chiqadi.

Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi mamlakatimizda sud-tergov tizimi rivojlanishining yangi bosqichiga qadam qo‘yadi. Bu esa jamiyatimizni yanada demokratlashtirish, fuqarolar va sudlar hamkorligini yanada mustahkamlash imkonini beradi.

Ilhom G‘ULOMOV

jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tumani sudi raisi.