Jismoniy shaxslardan daromad solig‘i ushlab qolinganligi haqida ma’lumot so‘ralmaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 fevraldagi «Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida»gi qarorining 6-bandida 2019 yil 1 avgustdan boshlab davlat xizmatlarini ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy shaxslardan jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchalari, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnomalar, soliq to‘lovchining hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar, to‘langan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ushlab qolingan summalari to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni talab qilish taqiqlangan.

Endilikda ushbu hujjatlar vakolatli organlardan faqat idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etiladi.

2019 yil 1 avgustdan boshlab davlat xizmatlarini ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy shaxslardan ushbu ma’lumotlarni talab qilish O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2155-moddasiga muvofiq davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarni buzish deb e’tirof etilib, mansabdor shaxslarni va xizmatchilarni ma’muriy javobgarlikka tortishga asos hisoblanadi.