Jiu jitsu – kuchni yengadigan jang san’ati
Bugun dunyo bo‘yicha ommalashib borayotgan aralash jang sanati (MMA)ning asosi bo‘lgan jiu jitsu yakkakurashlar ichida eng samaralisi, deb etirof etiladi. Mazkur yakkakurashning kelib chiqishi Yaponiyadan bo‘lsa-da, vaqt o‘tib Braziliyada rivojlandi. Jiu jitsu jang san’ati texnikasi orqali hattoki, o‘zidan kuchli insonni mag‘lub etish mumkin.
Yurtimizda sportga berilayotgan e’tibor tufayli ko‘pgina yakkakurash turlari bizga kirib keldi. Shulardan biri jiu jitsu hisoblanib, 2017 yilda Jiu jitsu federatsiyasi tashkil etildi. 2018 yilga kelib Samarqandda ushbu sport maktabiga jang san’atlari bo‘yicha mutaxassis Sunnat Narziqulov tomonidan asos solindi.
2019 yilning dekabr oyida S.Narziqulov tomonidan ushbu sport turi bo‘yicha “Djiu Djitsu – texnika pobejdayet silu” (“Jiu Jitsu – kuchni yengadigan texnika”) nomli kitob nashrdan chiqdi. Ushbu asar uslubiy qo‘llanma sifatida chiqarilib, unda jiu jitsuning paydo bo‘lish tarixi, yo‘nalishlari, hozirgi davr holati va boshqa yakkakurash turlaridan farqli jihatlari haqida keng ma’lumot beradi.
Jumladan, jiu jitsuning boshqa sport turlaridan farqi quyidagilardan iborat:
► texnikaning mukammalligi, ya’ni texnika yordamida hatto kuchli insonni ham mag‘lub etish imkoniyatining mavjudligi;
► tez, oson va qisqa muddat ichida o‘zlashtirish mumkinligi;
► ayni vaqtda eng ommabop sport turlaridan biri ekanligi.
Xulosa qilib aytganda, yurtimizda jiu jitsu sport turi, xususan, brazilcha jiu jitsu yo‘nalishi ommalashib bormoqda. Shu nuqtai nazardan sog‘lom avlodning jismonan va ruhan kamolga yetishida jiu jitsu sport turining ham alohida o‘rni bor.