Jizmonsoydagi muallimning uy-muzeyida 3 ming yillik tarixga ega ashyolar saqlanyapti
Kattaqo‘rg‘on tumanining eng chekka hududi - Jizmonsoy qishlog‘ida tarix fani o‘qituvchisi Sherquvvat Primov tomonidan tashkil etilgan uy-muzeyida 2-3 ming yillik tarixga ega ashyolar saqlanmoqda.
Muzey 1987 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozir bu yerda 200 dan ortiq eksponatlar saqlanmoqda.
Mazkur uy-muzeyida 2-3 ming yillik tarixga ega tosh haykalchalar hamda mis, sopol va yog‘ochdan yasalgan idish-tovoqlar bor.
Shuningdek, bu yerda uy-ro‘zg‘or buyumlari, qadimiy kiyim-kechaklar, kashtachilik durdonalari, turli taqinchoqlar, tanga va pul birliklari, qadimiy kitob va qo‘lyozmalar ham saqlanmoqda.
- Eramizdan avvalgi davrda yurtimizda ishlatilgan buyumlar Eron bosqinchilarini hayratga solgan, - deydi Sh.Primov. – Bu noyob ashyolarni asrab-avaylab kelgusi avlodga yetkazish barchamizning ishimiz bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, qishlog‘imiz chekka hududda joylashgan. Yoshlarimiz bu yerga kelib uy-muzeyimni tomosha qilish qiyindir. Ammo oldimga katta maqsad qo‘yganman. Ya’ni, ko‘chma muzey tashkil qilib, bu yerda saqlanayotgan tarixiy ashyolarni boshqa hudud o‘quvchi-yoshlari ham tomosha qilish imkonini yaratmoqchiman.
Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi axborot xizmati.