Jomboy tuman IIBga boshliq tayinlandi
Jomboy tuman hokimligida ichki ishlar bo‘limi shaxsiy tarkibi hamda faollar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Shavkat Rahmonov so‘zga chiqib, Jomboy hududidagi kriminogen vaziyatga to‘xtaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi olti oy ichida qotillik, odam o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari hamda mulkka qaratilgan jinoyatlar keskin oshgan. Tuman IIB shaxsiy tarkibi aholi o‘rtasida profilaktik ishlarni susaytirib yuborgani, operativ xodimlarda mas’uliyat tushib ketgani tanqid qilindi. Bu haqda "Jomboy tongi" xabar bermoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 iyul kuni viloyatimizga qilgan tashrifi chog‘ida Jomboy tuman IIB boshlig‘ining lavozimidan ozod qilinishida shu kabi omillar ham sabab bo‘lgani aytildi.
Ichki ishlar vazirligi buyrug‘i bilan Jomboy tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga mayor Shavmanov Salimjon Hayitboyevich tayinlangani e’lon qilindi.
Ma’lumot uchun, S.Shavmanov 1984 yilda tug‘ilgan. Tizimda 2003 yildan faoliyat boshlagan. Shu kunga qadar Bulung‘ur tuman IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. “Jasorat” medali sohibi.