Jomboy tumani haqida kitob-albom yaratildi
Yurtimizda o‘tkazilayotgan “INFOLIB O‘ZBEKISTON-2022” XI Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida Jomboy tumanida poytaxtimizdagi “SAHHOF” nashriyotida ommaviy tirajda chop etilgan «Jomboy. Kecha. Bugun. Ertaga» nomli kitob-albomning taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir boshlanishidan avval tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga oid qisqa videofilm namoyish etildi.
Taqdimotda kitob-albomda faxriylar va olimlarning hikoyalari orqali tumanning shakllanish tarixiga oid barcha zarur ma’lumotlar arxiv foto hujjatlari bilan taqdim etilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, kitobdan taniqli paxtakor, O‘zbekiston Qahramoni Avaz Ergashev, Sovet Ittifoqi Qahramoni, mayor Ahmadjon Qurbonov, «El-yurt hurmati» ordeni sohibi Barot Nodirovlarning hayoti va faoliyatiga oid qiziqarli lavhalar ham o‘rin olgan.
– «Jomboy» nomi nimani anglatadi va u qayerdan kelib chiqqan? Hozir tuman ijtimoiy-iqtisodiy hayotida qanday o‘zgarishlar ro‘y bermoqda? Bu savollarga javobni shu kitobdan topishingiz mumkin, – deydi loyiha muallifi, tuman hokimi Qayum Sobirov. – Viloyat tarixida Jomboyning kechagi, buguni va ertangi kuni haqida kitobxonlarga to‘liq tasavvur beradigan bunday nashr hali bo‘lmagan. Butun mintaqaning ijtimoiy-madaniy hayotini bir kitobda jamlash qiyin, lekin biz eng muhim voqealarni tanlashga harakat qildik. Bu hali boshlanishi. Kelajakda ushbu kitob-albomning 2-qismini ham tayyorlamoqchimiz.
Nashrni O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev va O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Xosiyat Bobomurodova taqriz qilishgan.
Tadbirda tumandagi mehnat faxriylari, umumta’lim maktablari, muassasalar va maktabgacha ta’lim tashkilotlari kutubxonalariga kitob-albom bepul topshirildi.
Yormamat Rustamov.