Jomboy tumanida 7 tup shumtol va archa kesilgani bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan

Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan Prezidentning “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishda bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Jumladan, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar qimmatbaho navlarining kesilishiga muddatsiz moratoriy e’lon qilingan bo‘lsa-da, noma’lum shaxslar tomonidan Jomboy tumani Nazar mahallasi hududida 7 tup shumtol va archa daraxtlarini noqonuniy kesib olib ketilganligi oqibatida tabiatga 346,5 mln. so‘m zarar yetkazilgan.

8 iyul kuni noma’lum shaxslar jinoyat izlarini yo‘qotish maqsadida daraxtlarning ildizi va to‘nkalarini qazib olib ketib, boshqa fuqaroning uyiga tushirganligi aniqlanib, mas’ullarga xabar berilib, fotosuratlar va videolavhalar taqdim qilingan bo‘lishiga qaramasdan, ichki ishlar organi mas’ullari ashyoviy dalillarni olib qo‘yish va dalillarni qayd etish choralarini ko‘rmagan.

Viloyat prokuraturasi mas’ullari 9 iyulda hodisa joyiga chiqib, ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazganda kesilgan daraxt bo‘laklari Nazar mahallasida yashovchi K.G‘. va I.K.larning uyidagi yerto‘laga yashirib qo‘yilganligi aniqlangan hamda ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bunday jinoyat uchun BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.

Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni 3 karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.