Jomboyda “Deputatlar va tadbirkorlar muloqoti” forumi o‘tkazildi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal demokratik partiyasining “Deputatlar va tadbirkorlar muloqoti” forumi doirasida hududdagi tadbirkorlar, tuman 4-sektori rahbari Sheroz Azamatov, tuman hokimining o‘rinbosari Akram Sa’dullayev hamda viloyat va tuman Kengashi deputatlari ishtirok etdi.
Muloqot jarayonida hudud tadbirkorlari va fuqarolarining ko‘plab murojaatlari o‘rganilib, ayrimlari shu yerning o‘zida hal etildi. Xususan, Quduqli mahallasidan fuqaro Jamshid Elmurodov non va non mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan kichik korxona ochish harakatida yurganligini bildirdi. Unga 4-sektor rahbari 50 million so‘m kredit rasmiylashtirish borasida zarur ma’lumotlar berdi.
Sardor Abdiyev esa parrandachilik bilan shug‘ullanishda yordam berish to‘g‘risida murojaat qildi. Yosh tashabbuskorga xalq deputatlari viloyat Kengashiga Jomboy tumanidan saylangan deputat Haydar O‘roqov mahalla kafolat asosida jo‘ja hamda yem mahsulotlarini berib, tayyor bo‘lgan mahsulotni o‘zi sotib oladigan bo‘ldi.
«TURBO HYGIENIC» MChJ qo‘shma korxonasi rahbari Azam Tursunov korxona atrofida joylashgan temiryo‘l logistika markazida estokada qurilmasi yo‘qligi hamda hududidagi yo‘lni asfalt qilish uchun byudjetdan mablag‘ ajratish zarurligi haqida deputatlarga murojaat qildi.
Uchrashuv yakunida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuboriladigan bo‘ldi.
O‘zLiDeP Samarqand viloyati kengashi matbuot xizmati.