Jomboyda kambag‘allikni yo‘qotish uchun qanday kurashilmoqda?

Jomboyda Markaziy bank viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish mexanizmlari mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.
Jomboy tumani Juriyat mahallasida o‘tgan tadbirda tomorqa, bog‘dorchilik, quyonchilik, baliqchilik, sabzavotchilik, parrandachilik va boshqa yo‘nalishlar uchun tijorat banklari tomonidan taklif etilayotgan imtiyozli kreditlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, kasanachi sifatida ish boshlab, yuqori natijaga erishgan tadbirkorlar, ta’minotchilar bilan yuzma-yuz muloqot qilish, maslahat va tavsiya olish imkoni yaratildi.
– Bir kaft tomorqasi bo‘lgan oila ehtiyojmand toifaga tushib qolmasligi kerak, – deydi “Agrobank” Jomboy tumani filiali rahbari O.O‘sarov. – Shu kunlarda parranda yo‘nalishi uchun 7 foizli kredit ajratilyapti. “Broyler” zotli jo‘ja parvarishlab, qirq kunda yigirma million so‘m daromad olayotganlar oramizda ko‘p. Maqsadimiz ular safini yanada kengaytirish. Bu borada Holvoyi, Sherqo‘rg‘on, Eski Jomboy va Qoramo‘yin mahallalarida namunali hududlar tashkil qilyapmiz. Loyihaga bosqichma-bosqich tarzda butun tumanni qamrab olish maqsad qilingan.
Tadbirda Jomboy tumani hokimi Q.Sobirov tomorqa maydonlaridan samarali foydalanish holatiga e’tibor qaratdi.
– “Tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilingani bejiz emas, – dedi hokim. – Davlatimiz rahbarining maqsadi ham shu, aholi orasida kambag‘allikka butkul chek qo‘yilishi kerak. Endilikda, tomorqasini obod qilgan, issiqxona tashkil etmoqchi bo‘lgan fuqarolarga bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan subsidiya ajratiladi. Aksincha, tomorqa maydonlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygan mulkdorlarga nisbatan oshirilgan stavkada soliq hisoblash tizimi qat’iy nazoratga olinadi.
Tumanda bu kabi seminarlarni muntazam o‘tkazish va ko‘proq aholining muhtoj qatlamini jalb etish ko‘zda tutilmoqda.
Jomboy tumani hokimligi axborot xizmati.