Jomboyda ko‘chat ekish, "M-39" yo‘li yoqalarini obodonlashtirish holati qanday?
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Jomboy tumanida yashil maydonlarni kengaytirish, yo‘l bo‘yi infratuzilmasini yanada rivojlantirish borasidagi ishlarni ko‘zdan kechirdi.
Tuman mas’ullariga yo‘l yoqalari va bo‘sh joylarda ayni kunlarda davom etayotgan «Yashil makon» loyihasi doirasidagi kuzgi ko‘chat ekish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini keng ko‘lamda olib borish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Yo‘l bo‘yidagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, ustaxonalar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish markazlari hududini obodonlashtirish, haydovchi va yo‘lovchilarga qulaylik yaratish, sanitariya-gigiyena nuqtalarining talab darajasida ishlashini ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.
– Daraxt ko‘chatlari va gullar ekish bilan cheklanib qolmay, ularni parvarishlash, birinchi navbatda sug‘orish tizimini yaratish zarur, - dedi Erkinjon Turdimov.
Shuningdek, o‘rganish davomida fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda aholi tomorqalarida yerdan samarali foydalanish, jumladan, to‘qsonbosti usulida ekin ekish lozimligi ta’kidlandi.