Jomboylik o‘quvchi AQSh universiteti talabasi bo‘ldi

Jomboy tumanidagi 18-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari shu maktabning 11 «B» sinf o‘quvchisi Abbos Quvondiqovga havas qilyapti. Chunki, u yaqinda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Kolorado universitetiga muddatidan oldin o‘qishga qabul qilindi va ushbu universitetning 32 ming dollar miqdoridagi grantini qo‘lga kiritdi.

U bu yutuqlarni birinchi navbatda ustozlari mehnati, ota-onasining ta’lim va tarbiyasiga bo‘lgan e’tibori bilan bog‘laydi.
Abbos joriy yilning iyun oyida IELTS imtihonlarida ishtirok etib, 7,0 ballni qo‘lga kiritgan edi. Bu muvaffaqiyat yoshligidan ilmga chaqoq, maqsadlari yo‘lida izlanib kelayotgan o‘quvchida o‘ziga bo‘lgan ishonchni yanada oshirdi.
– Bolaligimdan buyon ingliz tilini o‘rganaman, axborot texnologiyalariga mehr qo‘yganman, – deydi A.Quvondiqov. - Menimcha, hayotda asosiy narsa o‘zingizga ishonish va maqsadingizni to‘g‘ri belgilashdir.
Ayni paytda Abbos o‘ndan ortiq xorijiy universitetlarga hujjat topshirgan. U kelajakda IT sohasida yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishni orzu qiladi. Bugun shu maqsad yo‘lida o‘qib izlanmoqda.

Yormamat Rustamov.