Joriy yilning 9 oyida 255 ming 276 tonna mahsulot iste’molga yaroqsiz deb topilgan
Bu haqda viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasida viloyatga kirib kelayotgan va ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat, qurilish va boshqa mahsulotlarni xavfsizlik talablarini tekshirish xizmati faoliyatiga bag‘ishlangan press-turda ma’lum qilindi.
- Joriy yilning 9 oyida boshqarma va uning tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 255 ming 276 tonna sifatsiz va iste’molga yaroqsiz mahsulot aniqlandi, - deydi viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi ovqatlanish gigiyena bo‘limi sanitariya vrachi Sherzod Sharipov. - Jumladan, 189 tonna go‘sht, 93 tonna sut, 203 tonna baliq, 3 tonna non, 15 tonna qandolat mahsulotlari, 1238 tonna meva-sabzavot, 11 tonna spirtli ichimliklar, 252 ming 376 tonna konserva, 707 tonna osh tuzi va 414 tonna uy sharoitida tayyorlangan pishiriqlar belgilangan tartibda iste’moldan olinib, realizatsiyasi taqiqlangan.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat aholisi o‘rtasida ovqatdan zaharlanish bilan bog‘liq 5 ta holat qayd etilib, 51 nafar fuqaro jabrlangan. Zaharlanish holatlarining ikkitasida 3 nafar fuqaroni botulizm kasalligi bilan kasallanishiga uy sharoitida tayyorlangan qo‘lbola meva-sabzavot konservalari, uch holatda 48 nafar fuqaroni ovqat-toksiko infeksiyasi bilan shifoxonaga yotqizilishiga sabab bo‘lgan.
Shuningdek, nazoratdagi 53 ta dehqon bozorining sanitariya holati tekshirilib, 22 tasida qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Holat yuzasidan mas’ul shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan va sud organlariga yuborilgan. Shu bilan birga, tekshirishlar davomida 48 nafar xodim tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganligi sababli belgilangan tartibda ishdan chetlashtirilgan va aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tegishli tashkilotlarga 15 ta taqdimnoma kiritilgan.
Bundan tashqari, viloyatdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonalarida faoliyat yurituvchi 262 nafar, umumiy ovqatlanish korxonalarida ishlovchi 434 nafar, savdo tashkilotlarida ishlovchi 267 nafar xodim belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganligi aniqlanib, 119 nafarini ishdan chetlashtirish to‘g‘risida hujjatlar rasmiylashtirilgan va 400 nafariga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.