“Journey to Samarkand” (“Samarqandga sayohat”) nomli risola muallifi shahrimizning e’zozli mehmoni

Indoneziyalik jurnalist Marfuah Panji Astuti xonimning O‘zbekiston, xususan, Samarqand haqidagi “Journey to Samarkand” (“Samarqandga sayohat”) nomli kitobi ushbu davlatda o‘n ming nusxada nashr etilgan va indoneziyalik kitobxonlar tomonidan yaxshi qabul qilingan. Kitobning barcha nusxalari qisqa muddat ichida sotilgani shundan dalolat beradi.

Ayni paytda turmush o‘rtog‘i Herlambang Sukma Sakiyana bilan mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan jurnalist bugun, 9 yanvar kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov bilan uchrashdi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmatining xabar berishicha, uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Indoneziya xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalari va keyingi yillarda bu aloqalarning mustahkamlanib borayotgani qayd etildi.

“Journey to Samarkand” asarining yozilishi va uning ahamiyati, kelgusidagi hamkorlik masalalari yuzasidan o‘zaro fikrlashib olindi. Xususan, ziyorat turizmini rivojlantirish, indoneziyalik sayyohlarning Samarqanddagi muqaddas qadamjolarga sayohatlarini uyushtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.