JSST 2 milliard odamning infeksiya yuqtirishi xavfi haqida ogohlantirdi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Birlashgan Millatlar tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar tufayli kasalxonalarda dunyo bo‘ylab 1,8 milliardga yaqin odamning COVID-19 va boshqa yuqumli kasalliklar bilan kasallanish xavfi yuqori bo‘lganligi to‘g‘risida ogohlantirdi. Bu haqda tashkilot saytida xabar berilgan.
"Suv, sanitariya va gigiyena sog‘liqni saqlash xodimlari hamda bemorlarning xavfsizligi uchun juda muhim. Ammo bu har doim ham ustuvor masala hisoblanmayapti", deyiladi tashkilot hisobotida.
Hisobotda aytilishicha, 47 ta rivojlanmagan mamlakatning har to‘rtinchisining sog‘liqni saqlash muassasalarida suv ta’minoti bo‘lmagani va har uchinchisida qo‘l gigiyenasi vositalari yoki chiqindini xavfsiz sortirovkalash amalga oshirilmagani bilan ahvol o‘ta ayanchli.
JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesusning aytishicha, muassasalarda tibbiyot xodimlari uchun tegishli gigiyena bo‘lmagan sharoitda mehnat qilishi shaxsiy himoya vositalarisiz ishlashga tengdir. Mutaxassis suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena COVID-19 ga qarshi kurashda katta rol o‘ynashini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rivojlanmagan mamlakatlarda bu jiddiy muammolar bilan hali qattiq kurashish talab etiladi.
Eng kam rivojlangan 47 mamlakatning barcha sog‘liqni saqlash muassasalarida suv ta’minoti bo‘yicha asosiy xizmatlarni tashkil etish uchun jon boshiga 1 AQSh dollari sarflanishini taxmin qilindi. Xizmatlarni boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish uchun esa o‘rtacha yiliga aholi jon boshiga 0,20 dollar kerak bo‘ladi.
Shu kunlarda koronavirus bilan kasallanganlar soni 70 million kishidan oshdi.
Avvalroq JSST rahbari Tedros Adanom Gebreyesus dunyo aholisining aksariyati uchun koronavirus xavfi haqida ogohlantirgan edi.