“Karera markazi” bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashadi

Gap Abu Ali ibn Sino nomidagi Siyob jamoat salomatligi texnikumida Prezident farmoniga asosan tashkil etilgan “Karera markazi” haqida boryapti.

Bu markazni tashkil etishdan maqsad xorijiy va mahalliy ish beruvchilar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, yoshlar uchun karera bo‘yicha maslahatlar berish hamda bitiruvchilarga ish topishda ko‘maklashishdan iborat.

Bugungi kunda ta’lim muassasasida 2165 nafar o‘quvchi hamshiralik ishi, feldsher-akusherlik ishi, farmatsiya, feldsher-laborantlik ishi, tibbiy profilaktika ishi kabi yo‘nalishlarda tahsil olyapti. Ularning 900 nafardan ziyodi bitiruvchilardir. Markazda texnikum bitiruvchilari mehnat bozoridagi talablar bilan tanishish, malaka oshirish, shuningdek, o‘z qiziqishlariga mos kasb tanlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, bu yerda turli seminar va treninglar o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, yoshlar uchun real ish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan.

Kasbiy ta’lim tashkilotimizda yil davomida bitiruvchilarimizning 90 foizga yaqini yurtimizdagi davolash profilaktika muassasalarida o‘z sohalari bo‘yicha ishga joylashib, mehnat faoliyatlarini olib borishmoqda. Karera markazi a’zolari bugungi kunda texnikumni bitirish arafasida turgan yoshlarga doimiy ravishda ish beruvchilarni jalb qilgan holda bitiruvchi va ish beruvchilar o‘rtasida uchrashuvlar, seminar-treninglar tashkil etib kelmoqda.

Hozirga qadar davolash profilaktika muassasalari, ish beruvchilar, tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlari bilan doimiy ma’lumotlar almashinib, shuningdek, bitiruvchilar ishga joylashishda vakant joylarga munosib nomzodlarga tavsiyalar asosida ishga joylashish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda. Markaz rahbari Sh.Mehmonqulova va ishchi guruh tomonidan o‘quvchi va ish beruvchilar o‘rtasidagi talaba o‘qishni tamomlagach, ish bilan ta’minlanishi to‘g‘rida shartnomalar imzolanib, bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Nargiza Muxtorova.