JSST maktablar koronavirusning yangi o‘choqlariga aylanishi mumkinligini eslatdi

JSSTning sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyatlar dasturi direktori Maykl Rayan ko‘pgina maktablarda oddiy qo‘l gigiyenasiga amal qilish imkoniyatlari yo‘qligidan xavotirda ekanligini bildirgan. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili dunyodagi maktablarning 43 foizi qo‘lni sovunlab yuvish sharoitiga ega bo‘lmagan.

«O‘quv yili boshlanishi bilan maktablar infeksiya tarqalishi uchun yangi xavfli hududlarga aylanishi mumkin», — dedi Rayan.

U, shuningdek, dunyoning aksar qismi haliyam koronavirus oldida zaif ekanligini eslatib qo‘ydi. Rayanning ta’kidlashicha, koronavirusga qarshi ommaviy immunitet shakllanmasdan turib epidemiyaning tinganiga umid qilib bo‘lmaydi. Negaki COVID-19 ni haddan tashqari kam odam boshidan o‘tkazgan.

Shu sababli odamlar to‘planadigan va yopiq joylarda tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofaga amal qilish hamda odamlar gavjum joylarga bormaslik kerak.