JSST: “Omikron” emlanmagan aholi qatlamiga ko‘proq xavf solmoqda

Koronavirus insoniyat uchun allaqachon global xatarga aylanib ulgurgan. Uning yangi shtammi esa dunyodagi epidemiologik vaziyatni butunlay o‘zgartirib yubordi.

JSSTning so‘nggi bayonotida aytilishicha, “omikron” varianti “delta”ga nisbatan kamroq asoratlar qoldirayotgan bo‘lsa-da, biroq u baribir emlanmagan aholi qatlami uchun jiddiy xavfdir.

Xavotirlar, albatta, o‘rinli. Chunki hozir 90 ta mamlakatda emlash ko‘rsatkichlari 40 foizga ham yetmaydi. 36 davlatda esa fuqarolarning atigi 10 foizigina vaksina olgan, xolos. Jumladan, Afrika qit’asi aholisining 85 foizdan ortig‘i hatto birinchi doza bilan emlanmagan.

JSST rahbari Tedros Gebreyesus yer yuzida koronavirus bilan bog‘liq o‘limlar soni haftasiga qariyb 50 mingtani tashkil etayotganiga urg‘u berar ekan, “COVID-19 bilan yashashni o‘rganishimiz kerak, lekin bu shuncha ko‘p yo‘qotishlarga dosh bera olamiz degani emas” deya ta’kidladi.

AQShning Milliy allergiya va yuqumli kasalliklar instituti direktori Entoni Fauchining xulosasi ham shunday. U oxir-oqibat hech kim “omikron”dan qochib qutula olmasligi ehtimolini istisno etmaydi. Biroq vaksina olganlar bu yuqumli infeksiyaga osonroq bardosh berishadi.

“Emlanganlardan ba’zilari kasallikka chalinishi mumkindir, lekin aksariyat hollarda ularni gospitalizatsiya qilishga ehtiyoj bo‘lmaydi va o‘lim holatlari deyarli kuzatilmaydi, — deydi u. — Og‘ir asoratlardan asosan vaksina olmaganlar aziyat chekadi”.

Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, koronavirusning “omikron” shtammi keksalar, yondosh kasalligi borlar va bolalar hayotiga alohida xavf tug‘diradi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kecha dunyo bo‘yicha COVID-19 infeksiyasini yuqtirgan eng ko‘p bemor AQShda qayd etilgan — 850 ming nafar. Shuningdek, pandemiyaning yangi to‘lqini endi Janubiy Amerika qit’asi mamlakatlari uchun ham jiddiy xavf tug‘diryapti.

Masalan, Argentinada 131 ming, Braziliyada 88 ming, Kolumbiyada 29 ming, Peruda 27 ming, Boliviyada 14 ming yangi holat qayd etilgan.

Osiyoning qator davlatlarida ham vaziyat tobora yomonlashmoqda. Xususan, 11 yanvarda Turkiyada 75 ming kishida xastalik ro‘yxatga olingan bo‘lsa, Filippinda kecha 33 ming nafar bemorda kasallik qayd etilgan. Avstraliyada esa 84 ming kishi COVID-19ni yuqtirib olgan. Kasallanish holatlarining katta qismini “omikron” shtammi tashkil etayotgani aytilmoqda.